O‘zbekiston va Janubiy Koreya parlamentlari tadqiqot muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi





Joriy yilning 30-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Parlament tadqiqotlari instituti hamda Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi Tadqiqot xizmati (NARS) o‘rtasida yangilangan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpulatov, institut xodimlari va Koreya Milliy Assambleyasi Tadqiqot xizmati direktori Li Kvan Xu boshchiligidagi Koreya delegatsiyasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengayib bormoqda. Parlament diplomatiyasi doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Uchrashuvda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, Parlament tadqiqotlari institutining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda Li Kvan Xu iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan tarixiy islohotlar va uning natijalarini yuqori baholadi. O‘z navbatida, joriy yil oktyabr oyida Seul shahrida bo‘lib o‘tadigan 14-Parlament tadqiqot xizmatlari konferensiyasida ishtirok etishga rasman taklif etdi.
Tadbirning ikkinchi qismida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjat doirasida ikki tomonlama ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, parlament faoliyatini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida tajriba almashish va mutaxassislar o‘rtasida muntazam muloqotni kuchaytirish masalalari ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda, memorandumni hayotga izchil tatbiq etish uchun tomonlar 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishib oldilar.
Imzolangan memorandum, pirovard natijada, har ikki davlat parlamentlari va deputatlari faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.





















