Yangi O‘zbekiston: mahalla orqali jamiyat yuksaladi

Joriy yilning 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotining o‘tgan, bugungi va kelgusidagi yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim siyosiy hujjat sifatida ahamiyatga ega.
Murojaatnomada so‘nggi to‘qqiz yilda amalga oshirilgan islohotlar samarasi real hayot misolida yoritib berildi. Shahar va qishloqlar qiyofasining yangilanishi, infratuzilma tarmoqlarining rivojlanishi, sanoat va servis obyektlarining ko‘payishi, ta’lim va tibbiyot muassasalarining modernizatsiya qilinishi bunga yaqqol dalil bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhim jihat islohotlar natijasi “har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson” hayotida sezilarli darajada namoyon bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Davlat siyosatining inson manfaatlariga yo‘naltirilganligi yana bir bor tasdiqlandi.
Murojaatnomada 2025-yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy barqarorlik va o‘sishga oid ko‘rsatkichlar keltirildi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining global xavf-xatarlar sharoitida ham ishonchli sur’atlarda o‘sib borayotgani qayd etildi. Yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 145 milliard dollardan oshdi. Eksport hajmining o‘sishi, oltin-valyuta zaxiralarining 60 milliard dollardan yuqori ko‘rsatkichga yetgani, xorijiy investitsiyalar jalbi hamda suveren reytingning yaxshilanishi islohotlarning iqtisodiy poydevori mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Ijtimoiy siyosat kambag‘allik keskin qisqarib, ishsizlik darajasi pasaydi. Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bolalar qamrovini kengaytirish va inklyuziv ta’limni joriy etish kabi vazifalarning aniq natijalar bilan asoslanishi alohida ahamiyatga ega. Xususan, kambag‘allik darajasining sezilarli pasayishi, “kambag‘allikdan xoli” mahallalar sonining ortishi, davlat xizmatlari, kredit, subsidiya va kompensatsiyalar tizimining mahalla darajasiga tushirilgani ijtimoiy himoya sohasida yangi boshqaruv modeli shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Murojaatnomaning strategik qismida 2026-yil uchun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Jumladan, 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish taklifi mamlakatimizda mahalla institutining ijtimoiy birdamlik, tarbiya, xavfsizlik va farovonlik manbai sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu g‘oya mahalla infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, aholini daromadli qilish, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, mahalla darajasida loyiha asosida moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish kabi tashabbuslar bilan mazmunan boyitilgani alohida ahamiyatga ega.
Shuningdek, Murojaatnomada iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, sanoatda qo‘shilgan qiymatni oshirish, “Industriya 4.0” yechimlarini joriy etish, kapital bozorini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, “raqamli davlat” va “raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashishda keskin choralar ko‘rish kabi vazifalarning belgilanishi 2026-yilda institutsional va boshqaruv islohotlari yangi bosqichga ko‘tarilishini anglatadi.
Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlari hamda 2026-yil uchun aniq amaliy dasturini belgilab berdi. Unda nazarda tutilgan ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirishda davlat organlari, parlament, mahalla faollari, tadbirkorlar va fuqarolik jamiyati institutlarining hamjihatligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Belgilangan maqsadlar ijrosi, avvalo, aholi turmush sifatini oshirish, iqtisodiy raqobatbardoshlikni kuchaytirish va adolatli davlat boshqaruvini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Toshpulatov Baxtiyor,
Parlament tadqiqotlari instituti
ilmiy xodimi





















