Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi










Joriy yilning 26-noyabr kuni Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Ta’sirchan parlament nazorati: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, soha olimlari, tadqiqotchilar, xalqaro ekspertlar, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sir emaski, har qanday sohaga yangilikni joriy etish chuqur ilmiy tahlilni taqozo etadi. Xususan, parlament nazoratining ta’sirchanligi ham ko‘p jihatdan uning ilmiy asoslariga bevosita bog‘liqdir.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda parlament nazoratining huquqiy va tashkiliy asoslari mustahkamlanib bormoqda. Sohaga yangi amaliyot va mexanizmlar joriy etildi. Jumladan, “hukumat soati” amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobotlarni ko‘rib borish kabi yangi institutlar kirib keldi.
Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada parlamentning nazorat-tahlil vakolatlari yanada kengaydi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi sohaga yangicha ma’no-mazmun olib kirdi. Deputatlarning saylovchilar bilan doimiy muloqoti yangi bosqichga ko‘tarildi. Saylovchilarning takliflari asosida deputatlar tashabbusi bilan jami 72 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Qonferensiyada Germaniya, Finlyandiya, Vengriya, Hindiston kabi davlatlarning sohaga oid tajribasi taqdim etildi. Xalqaro ekspertlari zamonaviy tamoyillar, raqamli asrda hisobdorlikni ta’minlash va qonun ijrosini tahlil qilish bo‘yicha o‘z tajribalarini taqdim etdilar. Bu borada O‘zbekiston parlamentining tajriba va yutuqlari yuqori baholandi.
Konferensiya ishida parlamentning ilmiy tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro munosabatlari tahlil qilindi. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan parlament nazoratida foydalanish imkoniyatlari yuzasidan ilmiy-amaliy muhokamalar o‘tkazildi.
Qizg‘in bahs-munozaralar maydoniga aylangan muhokamalarda ishtirokchilar tomonidan aniq takliflar va amaliy tavsiyalar bildirildi.
Tadbir yakunida konferensiya materiallari to‘plami taqdimoti o‘tkazildi.
to‘plamini yuklab olish"> to‘plamini yuklab olish">Konferensiya materiallari to‘plamini yuklab olish 709.37 KbYuklab olingan: 10 marta Yuklab olish Onlayn koʻrish





















