Turkiy hamjihatlik – tinchlik va taraqqiyotning yangi sahifasi

Bu yil Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti turkiy dunyo tarixida muhim siyosiy voqea sifatida tarixga kirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi nafaqat delegatsiya rahbarlari, balki butun turkiy xalqlar qalbida chuqur ta’sir uyg‘otdi. Davlatimiz rahbarining nutqi qardoshlik, adolat va tinchlik g‘oyalarining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Prezidentimiz nutqida beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq tashabbuslar ilgari surildi: sanoat kooperatsiyasi, “yashil energetika”, oziq-ovqat xavfsizligi, transport-tranzit, moliya va innovatsiyalar.
Masalan, “yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish g‘oyasi barqaror iqtisodiy o‘sishga xizmat qilsa, organik mahsulotlar bo‘yicha yagona turkiy brend yaratish tashabbusi turkiy dunyo uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi.
Shuningdek, eng muhim yo‘nalishlardan biri iqtisodiy integratsiya masalasi bo‘ldi. Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda Turkiy davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2016-yildagi 3,3 milliard dollardan hozirgi kunda 10 milliard dollargacha oshdi. Bu so‘nggi yetti yildagi ulkan yutuqdir.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024-yil yakunida 253 million dollarga, loyihalar portfeli esa 4 milliard dollarga yetdi. 2030-yilga qadar bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollargacha oshirish rejalashtirilgan.
Bu raqamlar Davlatimiz rahbari tashabbuslarining nafaqat siyosiy, balki amaliy-iqtisodiy ahamiyatga egaligini ko‘rsatmoqda.
Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va kreativ sohalarda “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish taklifi ham ilgari surildi. Bu tashabbuslar yoshlar uchun yangi bilim, zamonaviy kasblar va ilg‘or texnologiyalarga yo‘l ochadi.
Shu bilan birga, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash bo‘yicha Turkiy davlatlar makonida birgalikdagi Harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifi yoshlar ongini muhofaza qilishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida qo‘llab-quvvatlandi.
Prezidentimiz tomonidan Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish, shuningdek, 2026-yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifi ham turkiy davlatlar ilmiy va ma’naviy birligini mustahkamlaydi.
Ayni paytda, turkiy dunyo universitetlari o‘rtasida 200 dan ziyod qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda, talabalar almashinuvi dasturlarida esa 5 mingga yaqin yoshlar ishtirok etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Gabala sammiti “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” shiori ostida o‘tdi. Bu bejiz emas, chunki hech bir iqtisodiy yoki siyosiy yutuq tinchliksiz bo‘lmaydi. Prezidentimiz so‘zlari bilan aytganda, “Turkiy dunyo barqarorlik, ishonch va o‘zaro anglashuv hududi bo‘lishi shart”.
Ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat iqtisodiy manfaat, balki umuminsoniy qadriyatlar – adolat, tinchlik va hamjihatlik asosiga qurilgani bilan ahamiyatli.





















