Latviyada bolalar oromgohlari rahbarlari va xodimlariga qo‘shimcha talablarni belgilash taklif qilinmoqda

Seymning Ta’lim, madaniyat va fan komissiyasi deputatlari joriy yilning 30-aprel kuni “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatladi.
Unga ko‘ra, oromgohlardagi bolalar va ularning ota-onalari o‘zlarini xavfsiz his qilishlari uchun bolalar oromgohlari rahbarlari va xodimlariga qo‘shimcha talablar belgilanishi mumkin.
Deputatlar bolalar lagerlarida sodir bo‘lgan zo‘ravonlik va jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq so‘nggi voqyealarga javoban tuzatishlarni ilgari surmoqda. O‘zgartirishlar bolalar oromgohlari rahbarlarining xavfsizlik qoidalariga rioya qilishi, xodimlar va bolalar o‘rtasidagi munosabatlarda har qanday zo‘ravonlik xavfining oldini olish bo‘yicha kompetensiya va mas’uliyatni kuchaytirishi ta’kidlandi.
Ayni paytda hukumatga bolalar oromgohlarini tashkil etish va ulardan foydalanish qoidalarini tartibga solish vakolati berilgan, biroq deputatlar tomonidan taklif etilayotgan tuzatishlarda vakolatlar kengaytirilgan.
Shunday qilib, hukumat oromgoh rahbarlari va ishchilariga, shuningdek, rahbarlarning kasbiy malakasini oshirishga doir talablarni belgilaydi. Shuningdek, hukumat bolalar oromgohi rahbariga litsenziya berish, ro‘yxatga olish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki bekor qilish tartibini belgilashi lozimligi qayd etildi.
Loyihaga ko‘ra, oromgoh rahbarining qoidabuzarligi yuzasidan tergov boshlanganda yoki u aniqlangan taqdirda, oromgoh rahbari boshqa lagerni boshqarish huquqini yo‘qotadi.























