Xorijiy onlayn bronlash platformalari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ma’qullandi
Turkiya Buyuk Millat Majlisining Qurilish, shaharsozlik, transport va turizm komissiyasi xorijiy onlayn bronlash platformalari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi.
Adolat va taraqqiyot partiyasi deputatlari tomonidan kiritilgan qonun loyihasida xorijiy platformalarning Turkiyada faoliyat yuritishi uchun Madaniyat va turizm vazirligidan ikki yil muddatga ruxsatnoma olish, buning uchun 5 million turk lirasini (101 700 AQSH dollari) to‘lash hamda mamlakat hududida vakolatli vakil tayinlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, platformalar tomonidan Turkiya turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligiga raqamli xizmatlar solig‘i bazasining 0,075 foizi miqdorida badal to‘lash belgilanmoqda.
Qonun loyihasida mamlakat hududida amalga oshiriladigan savdo operatsiyalari bo‘yicha platformalar oladigan komissiya va boshqa to‘lovlarni 17 foizdan oshirmaslik, mehmonxonalarning boshqa savdo kanallaridan foydalanishini cheklashni taqiqlash hamda belgilangan talablarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini joriy etish taklif qilinmoqda.
Qonun loyihasi parlamentning tegishli komissiyasi tomonidan ma’qullangan bo‘lib, hozircha qonun sifatida qabul qilinmagan.
O‘zbekistonda turizm sohasining jadal rivojlanishi xorijiy onlayn bronlash platformalarining milliy turistik xizmatlar bozoridagi faoliyatini chuqurroq o‘rganishni taqozo etmoqda. Xususan, ushbu platformalarning O‘zbekistondagi mehmonxonalar va boshqa turistik xizmatlarni bronlashdan oladigan komissiya daromadlari, ularning soliqqa tortilishi amaliyoti hamda mahalliy xizmat ko‘rsatuvchilar bilan munosabatlarini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega.
Shu nuqtayi nazardan, milliy qonunchilikdagi mavjud mexanizmlarni hisobga olgan holda, Turkiyaning xorijiy platformalar faoliyatiga maxsus talablar belgilash, komissiya to‘lovlarini cheklash va turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar jalb etishga qaratilgan tajribasini qiyosiy-huquqiy jihatdan o‘rganish maqsadga muvofiq.
Turkiya Qizil Yarim oy jamiyatining faoliyati alohida qonun bilan tartibga solinishi mumkin
Turkiya Buyuk Millat Majlisi 28-chaqiriqning beshinchi qonunchilik yilida o‘z ishini boshladi. 6-oktyabrda e’lon qilingan parlament kun tartibiga ko‘ra, “Turkiya Qizil Yarim oy jamiyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilish rejalashtirilgan.
To‘qqiz moddadan iborat qonun loyihasida 1868-yildan buyon faoliyat yuritayotgan jamiyatning vazifalari, vakolatlari, moliyaviy huquqlari va imtiyozlarini ilk bor alohida qonun bilan belgilash taklif etilmoqda. Bundan maqsad jamiyatning insonparvarlik faoliyati samaradorligini oshirish hisoblanadi.
Loyihaga ko‘ra, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi, Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi hamda xorijiy milliy jamiyatlardan Turkiyaga keladigan pul va moddiy yordamni qabul qilish va undan foydalanish bo‘yicha Turkiya Qizil Yarim oy jamiyatini yagona vakolatli tashkilot etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda strategik ahamiyatga ega tovar va xizmatlarni jamiyatga qarashli tashkilotlardan tender o‘tkazmasdan xarid qilish, ofat va qurolli to‘qnashuv hududlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarga pul kompensatsiyasi to‘lash, jamiyat nomi va timsolini himoya qilish hamda ayrim soliq va bojxona imtiyozlarini belgilash taklif etilmoqda.
O‘zbekiston uchun dolzarbligi
O‘zbekistonda Qizil Yarim oy jamiyati faoliyatining huquqiy asoslari Prezidentning 1992-yil 28-maydagi PF–411-son Farmonida belgilangan. Shuningdek, 2004-yilda “Qizil yarim oy va qizil xoch timsollaridan foydalanish hamda ularni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan bo‘lib, u timsollar va nomlardan foydalanish hamda ularni himoya qilishga oid munosabatlarni tartibga soladi.
Markaziy Osiyoning Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlarida esa Qizil Yarim oy jamiyatlarining huquqiy maqomi va faoliyati alohida qonunlar bilan tartibga solinadi. Qozog‘istonda ham ushbu masalaga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Xalqaro beqarorlik, tabiiy ofatlar va gumanitar inqirozlar sharoitida Qizil Yarim oy jamiyatining insonparvarlik yordamini ko‘rsatishdagi ahamiyati ortib bormoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda ham Qizil Yarim oy jamiyati faoliyati bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni alohida qonun darajasida tartibga solish zaruratini muhokama qilish mumkin.





















