Ukraina Oliy Radasi Ukrainadagi diniy tashkilotlar faoliyati to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qildi
Ukraina Oliy Radasi 2023 yilning 19 oktyabr kuni “Ukrainadagi diniy tashkilotlar faoliyati to‘g‘risida Ukrainaning ayrim qonunlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qildi.
Loyiha bilan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”, “Yuridik shaxslarni, yakka tartibdagi tadbirkorlarni va jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlariga boshqaruv markazi Ukrainadan tashqarida joylashgan diniy tashkilotlarning Ukrainada faoliyat yuritishini ta’qiqlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar taklif etilmoqda. Shuningdek, diniy sohadagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi markaziy ijro etuvchi organ, Ukrainaning Etnosiyosat va vijdon erkinligi bo‘yicha davlat xizmatiga quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berilishi nazarda tutilmoqda:
diniy tashkilotlarning ta’sir markazlariga, rahbarlik markaziga kanonik va tashkiliy masalalarda bo‘ysunishini aniqlash bo‘yicha faoliyatni diniy ekspertizadan o‘tkazish orqali din va cherkovga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlash;
diniy ekspertiza o‘tkazish natijasida aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida buyruq e’lon qilingan kundan boshlab bir oy muddatda ko‘rsatmalar berish;
diniy ekspertiza natijasida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarmagan diniy tashkilot faoliyatini tugatish to‘g‘risida sudga da’vo kiritish.
Ma’lumot uchun: “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuni 11-moddasida Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlarini ro‘yxatga olish Adliya vazirligi tomonidan, boshqa diniy tashkilotlarni esa tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur qonun normalariga ko‘ra diniy tashkilot faoliyatining o‘z ustaviga muvofiqligini nazorat qilish diniy tashkilotni ro‘yxatga olgan organ tomonidan amalga oshiriladi hamda tashkilot faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi qaror ham aynan ro‘yxatga olgan organ tomonidan qabul qilinadi va sudga yuboriladi.
Manba: https://www.rada.gov.ua






















