Sud va tergov organlariga jalb etiladigan baholovchilarning huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida sud va tergov organlariga jalb etiladigan baholovchilarning huquq va majburiyatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi bilan sohaga oid qonunlarda sud ekspertlari va baholovchi tashkilotlar uchun umumiy baholash qoidalari, mezon va tartiblarni belgilash nazarda tutilmoqda.
Xususan, sud ekspertlari tomonidan baholash yo‘nalishidagi tadqiqotlar baholash obyektlari, baholash obyekti qiymatining turlari va ularning bozor qiymati, shuningdek baholash standartlariga oid belgilangan umumiy talablar asosida o‘tkazilishi mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, sud ekspertiga qo‘yiladigan malakaga oid talablar optimallashtirilishi ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, sud ekspertizasini o‘tkazish huquqini beruvchi tegishli guvohnoma (sertifikat)ga ega sud ekspertiga baholovchining malaka sertifikatiga ega bo‘lish talabi tatbiq etilmasligi belgilanyapti.
Qolaversa, baholovchilarning baholash to‘g‘risidagi hisobotlarida qo‘llanilgan usullarning ilmiy asoslanganligi yuzasidan sud ekspertizasi kamida 3 yil stajga ega bo‘lgan sud ekspertlari tomonidan o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning ishonchliligini tekshirishda muammolarni bartaraf qilishga, fuqarolarning ortiqcha xarajatlarini kamaytirishga, shuningdek respublikada mol-mulkning haqiqiy qiymatini aniqlashda yagona yondashuvning joriy etilishiga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.























