Sun’iy intellekt davrida bolalar huquqlarini himoya qilishda parlamentlar harakati
Parlamentlararo Ittifoq sun’iy intellekt (SI) jadal rivojlanayotgan davrda bolalar huquqlari va farovonligini himoya qilish bo‘yicha parlamentlar rolini kuchaytirishga qaratilgan yangi qo‘llanmani e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu tashabbus raqamli texnologiyalarning bolalar ruhiy salomatligi, ta’lim tizimi va shaxsiy daxlsizligiga salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida ilgari surilgan.
YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar SI tizimlaridan ota-onalariga qaraganda uch baravar ko‘proq foydalanadi, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar esa kuniga o‘rtacha 49 daqiqasini ekran qarshisida o‘tkazadi. Bunday sharoitda cheksiz lentalar, algoritmik tavsiyalar va chatbotlar qaramlik, uyqu buzilishi va kiberbulling kabi xavflarni keltirib chiqarmoqda.
Parlamentlararo Ittifoq qonun ijodkorlariga uchta asosiy ustuvor yo‘nalishni taklif etmoqda:
bolalar, ota-onalar va ekspertlar fikrini bevosita eshitish;
amaldagi himoya mexanizmlari samaradorligini nazorat qilish hamda qonunchilikni yangilash;
SI platformalari va ishlab chiquvchilari zimmasiga bolalar uchun xavflarni oldindan aniqlash va kamaytirish bo‘yicha raqamli mas’uliyat yuklash.
Ta’lim sohasida esa SI o‘qituvchilar o‘rnini egallamasligi, balki ularning faoliyatini to‘ldirishi kerakligi ta’kidlangan. Ta’limda SIni joriy etishdan oldin bolalar huquqlari va xavflarni baholashni majburiy qilish hamda savodxonlik dasturlarini kengaytirish taklif etilmoqda.
O‘zbekiston aholisining salmoqli qismini bolalar va yoshlar tashkil etadi. Raqamlashtirish jarayonlari jadal kechayotgan bir paytda, yosh avlodning SI va raqamli texnologiyalar bilan o‘zaro ta’siri tobora ortib bormoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Oliy Majlis uchun kiberxavfsizlik, bolalarni zararli axborotdan himoya qilish hamda shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirishda ushbu tavsiyalar muhim amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi mumkin.






















