Ortga qaytish Chop etish

Deputat so‘rovi ta’sirchanligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 2-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “Deputat so‘rovi instituti ta’sirchanligini yanada oshirish: ilmiy yondashuvlar va zamonaviy tendensiyalar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Odil sudlov akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari, shuningdek, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari faol ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda parlamentning demokratik qiyofasi tubdan o‘zgardi. Uning jamiyat va davlat hayotidagi nufuzi oshdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida parlament vakolatlari kengaydi. Ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazorat mexanizmlari kuchayib bormoqda. Bunda deputat so‘rovi instituti muhim ahamiyat kasb etadi. 

Sir emaski, deputatning so‘rovi parlament nazoratining eng muhim va ta’sirchan vositalaridan biridir. Shu bois, uning amaliy natijadorligini oshirish va ijro hokimiyati organlarining xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish bugun ham dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil uchun “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturida Qonunchilik palatasi deputati so‘rovi instituti ta’sirchanligini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish hamda deputat so‘roviga o‘z vaqtida javob berilmagan holatlar bo‘yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritish amaliyotini joriy etish nazarda tutilgan.

Shu asosda, davra suhbatida mazkur tashabbusning ilmiy, huquqiy va amaliy jihatlari muhokama qilindi. Qonun loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinadigan asosiy yondashuvlar, amaldagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan ishtirokchilarning fikr-mulohazalari o‘rganildi. 

Qizg‘in va mazmunli bahs-munozaralar ruhida kechgan davra suhbati yakunida deputat so‘rovi instituti ta’sirchanligini yanada kuchaytirishga qaratilgan ilmiy asoslangan, aniq va amaliy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.