Ortga qaytish Chop etish

Aralash saylov tizimi haqida olimlarning fikri qanday?

Ma’lumki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va siyosiy partiya fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuvda jamiyatda siyosiy partiyalarning rolini oshirish maqsadida aralash saylov tizimiga o‘tishni taklif qilgan edi. Ushbu taklif asosida yangi qonun loyihasi ishlab chiqilib, mavjud 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, loyihaga ko‘ra parlament saylovini majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazish tartibi, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish hamda fuqarolarning saylov huquqlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ekspertlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi bir vaqtning o‘zida ham siyosiy partiyalarning rolini, ham fuqarolarning siyosiy faolligini oshishiga zamin yaratadi. Xususan, siyosiy partiyalar asosiy e’tiborni saylovoldi dasturiga va saylovchilarni o‘ylantirayotgan masalalar yechimiga qaratadi. Shuningdek, saylov tizimida mutlaq ko‘pchilik emas, nisbiy ko‘pchilik ovoz olgan nomzod deputatlikka saylanadi. Natijada qayta saylovlar o‘tkazilishi, saylov qoidalarini buzish holatlari keskin kamayadi. E’tiborli jihati, loyihada partiyaning nomzodlar ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har uchta nomzodning bir nafari ayol kishi bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Bu esa xotin-qizlarni o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishiga imkon beradi.

Davra suhbati ishtirokchilari qonun loyihasi yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi. Xususan, loyiha qabul qilingan taqdirda yangi saylov tizimi haqida saylovchilarni yanada xabardor qilish uchun tarqatma materiallar tayyorlash, OAVlarda yangi tizim mazmunini yoritishga qaratilgan ko‘rsatuvlarni efirga uzatish lozimligi bo‘yicha takliflar bildirildi.