MUNOSABAT

Otabek RÖZMETOV
Oliy Majlis Qonunçilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti bölim boşliği
Özbekiston – Ömon munosabatlarida yangi bosqiç
Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyevning Ömon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning taklifiga binoan 2026 yil 16 noyabr kuni Ömon Sultonligiga amalga oşirgan davlat taşrifi ikki mamlakat örtasidagi döstlik va özaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlaş yölida muhim siyosiy voqea böldi.
Mazkur davlat taşrifi xorijiy davlatlar bilan siyosiy muloqotni rivojlantiriş, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirişga qaratilgan izçil sa’y-harakatlarining yana bir amaliy ifodasidir.
Masqat şahridagi «Al-A’lam» saroyida bölib ötgan oliy darajadagi uçraşuvda Özbekiston va Ömon örtasidagi munosabatlar keyingi yillarda faol rivojlanib, siyosiy muloqot mustahkamlanayotgani, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar izçil kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Ayniqsa, ikki mamlakat xalqlarini boğlab turgan çuqur tarixiy va madaniy aloqalar, özaro hurmat va döstlik munosabatlari hamkorlikni yanada rivojlantiriş uçun muhim asos bölib xizmat qilayotganini qayd etiş örinli.
Davlat taşrifining eng muhim jihatlaridan biri – siyosiy muloqot bilan bir qatorda, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitişga alohida e’tibor qaratilganidir.
Xususan, Prezidentimiz Ömon Investitsiyalar agentligi prezidenti Abdusalom al-Murşidiy boşçiligidagi yirik biznes vakillari bilan uçraşuv ötkazib, ikki mamlakat örtasidagi investitsiyaviy şeriklikni yanada kengaytiriş masalalarini muhokama qildi.
Uçraşuvda Özbekiston – Ömon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini 2 karra oşiriş, toğ-kon sanoati, «yaşil» energetika, elektrotexnika, kimyo, şaharsozlik, transport va logistika, infratuzilma hamda qişloq xöjaligi kabi istiqbolli yönalişlarda qöşma loyihalarni amalga oşirişga alohida e’tibor qaratildi.
Bu esa ikki davlat örtasidagi hamkorlikni aniq iqtisodiy loyihalar asosida rivojlantirişga bölgan özaro qiziqiş va intilişni körsatadi.
Şu nuqtai nazardan, yangi taşkil etilayotgan Özbekiston – Ömon işbilarmonlar kengaşining faoliyati ham alohida ahamiyatga ega. Mazkur tuzilma ikki mamlakat tadbirkorlari örtasida töğridan-töğri muloqotni ta’minlaşda muhim örin tutişi kutilmoqda.
E’tiborlisi, taşrif doirasida muhokama qilingan taşabbuslarni amalga oşiriş böyiça aniq taşkiliy mexanizmlar ham belgilab olindi.
Jumladan, qöşma işçi guruh tuziş hamda amalga oşirilgan işlar natijalarini har çorakda muhokama qilib boriş yuzasidan kelişuvga erişildi. Bu ikki tomonlama hamkorlikni muntazam muvofiqlaştiriş va ilgari surilgan taşabbuslarning amaliy ijrosini kuzatib boriş nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Taşrifning yana bir e’tiborli jihati Özbekiston va Ömon örtasidagi döstona munosabatlarning oliy darajadagi özaro hurmat va işonç asosida rivojlanayotganidir.
Xususan, Ömon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said tomonidan Prezident Şavkat Mirziyoyevning «Ol Said» ordeni bilan taqdirlanişi, öz navbatida, davlatimiz rahbari tomonidan Ömon Sultoniga «Oliy Darajali Döstlik» ordenining topşirilişi ikki mamlakat örtasidagi yaqin munosabatlarning yorqin ifodasi böldi.
Şuningdek, davlat taşrifi va oliy darajadagi muzokaralarning Ömonning yetakçi naşrlaridan biri – «Times of Oman» gazetasida keng yoritilgani ham uşbu voqeaga qaratilayotgan e’tiborni namoyon etdi.
Fikrimizça, Prezident Şavkat Mirziyoyevning Ömon Sultonligiga davlat taşrifi Özbekiston va Ömon munosabatlarini yanada yuqori bosqiçga kötariş, siyosiy muloqotni mustahkamlaş hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy şeriklikning amaliy imkoniyatlarini kengaytirişda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, ikki mamlakat işbilarmon doiralarining bevosita muloqotini yölga qöyiş, qöşma investitsiya loyihalarini rivojlantiriş va ularning ijrosini muntazam muhokama qilib borişga qaratilgan kelişuvlar hamkorlikning amaliy natijadorligini ta’minlaşga xizmat qilişi bilan ahamiyatlidir.
❝ Umuman, mazkur davlat taşrifi Özbekiston va Ömon örtasidagi tarixiy döstlik, özaro hurmat va işonçga asoslangan munosabatlarni mustahkamlaş, ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qiladigan köp qirrali hamkorlikni izçil rivojlantiriş yölida muhim qadam böldi. ❞
Otabek RÖZMETOV,
Oliy Majlis Qonunçilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti bölim boşliği