
Joriy yilning 27-oktabr kuni Buyuk Britaniya parlamenti Jamoalar palatasi “Binolar xavfsizligi (xavfli qoplamalarni bartaraf etiş va boşqalar) töğrisida”gi qonun loyihasini ikkinçi öqişda körib çiqdi.
Loyihaning maqsadi bir neçta xonadondan iborat binolardagi yonğin xavfsizligini ta’minlaş hisoblanadi. Xususan, baland binolardagi yonğin xavfini tuğdiradigan taşqi devorlarni baholaş, tuzatiş va bunday xavfni kamaytiriş tartibi belgilanadi.
Şuningdek, loyiha turar joy binolari töğrisidagi ma’lumotlarni yiğiş va qayd etiş hamda xavfli quriliş mahsulotlari bilan boğliq javobgarlikni belgilaşni nazarda tutadi.
Mazkur taşabbus 2017-yilda Londondagi “Grenfell” turar joy binosida yuz bergan yonğindan keyin boşlangan binolar xavfsizligi islohotlarining davomi hisoblanadi.
Loyiha ikkinçi öqişdan keyin qömita bosqiçida batafsil körib çiqiladi.
Özbekiston uçun dolzarbligi
Mamlakatimizda köp qavatli uy-joy qurilişi jadal davom etmoqda. Masalan, 2025-yilda uy-joy qurilişi va ipoteka bozorini rivojlantiriş maqsadida 135 ming xonadon quriş rejalaştirilgan.
Binolardagi yonğin xavfsizligi “Yonğin xavfsizligi töğrisida”gi Qonun hamda şaharsozlik norma va qoidalari bilan tartibga solinadi. Biroq foydalanişga topşirilgan binolarning taşqi qoplamalarini yonğin xavfi böyiça muntazam xatlovdan ötkaziş va xavfli qoplama aniqlanganda uni almaştiriş xarajatlarini taqsimlaş mexanizmi alohida tartibga solinmagan.
Demak, Buyuk Britaniya tajribasidagi fasadlar xatlovi va xavfli quriliş mahsulotlari uçun işlab çiqaruvçi javobgarligi mexanizmi mamlakatimiz uçun ham dolzarb hisoblanadi.
Umumiy yönaliş sifatida balandligi muayyan me’yordan yuqori turar joy binolari fasadlarini yonğin xavfi böyiça xatlovdan ötkaziş va natijalarini yagona elektron reyestrda yuritişni joriy etiş maqsadga muvofiq.
Muqobil yönaliş sifatida yonğin xavfsizligi talablariga javob bermaydigan quriliş materiallarini işlab çiqaruvçi va yetkazib beruvçilarning javobgarligini kuçaytiriş hamda bunday materiallarni majburiy sertifikatlaş doirasini kengaytiriş mumkin.