Ortga qaytish Chop etish

SUKUTDAN MUROJAATGA

SUKUTDAN MUROJAATGA

MAQOLA

Otabek FAYZULLAYEV

Otabek FAYZULLAYEV
Parlament tadqiqotlari instituti boş ilmiy xodimi

Iş joyidagi tazyiqqa qarşi yangi tizim nimani özgartiradi?

Majlisda hamma oldida kamsitiliş. Iş vaqti tugagaç ham töxtamaydigan xabarlar. Rahbarning “hazil” deb öralgan qöpol gaplari. Köpçilik bunga “iş-da, şunaqa bölib turadi” deb qöl siltaydi. Raqamlar esa bu masalaga bunçalik yengil qarab bölmasligini körsatadi.

Xalqaro mehnat taşkiloti (XMT), Lloyd’s Register jamğarmasi va Gallup kompaniyasi 121 mamlakatda 75 mingga yaqin xodim örtasida ötkazgan ilk global sörov natijalari ança jiddiy. Sörovda iştirok etganlarning qariyb 23 foizi, ya’ni har beş kişidan biridan köproği mehnat faoliyati davomida kamida bir marta zöravonlik yoki tazyiqqa uçragan. Eng köp uçraydigani ruhiy bosim (17,9 foiz), undan keyin jismoniy zöravonlik (8,5 foiz) va şahvoniy şilqimlik (6,3 foiz) turadi.

Ammo sörovdagi eng oğir raqam boşqa. Jabrlanganlarning faqat yarmiga yaqini bölgan voqeani kimgadir aytgan. Qolganlari buni “vaqtni behuda sarflaş” deb bilgan yoki obrösidan xavotir olib, indamay qöya qolgan. Demak, rasmiy statistika aysbergning faqat suv ustidagi qismini körsatadi.

Bu sukutning narxi esa juda qimmat. XMTning 2026-yil aprelida e’lon qilingan hisobotiga köra, iş joyidagi psixososial xavflar, jumladan bezorilik va tazyiq, dunyoda har yili 840 mingdan ortiq kişining ölimi bilan boğliq. Bu xavflarning iqtisodiyotga yetkazadigan zarari global yalpi içki mahsulotning 1,37 foiziga teng.

Nega xodimlar jim turadi?

Çunki iş joyida kuç teng taqsimlanmagan. Işga oliş, mukofot, lavozimga kötariş yoki işdan böşatiş haqida rahbar qaror qiladi, xodimning maoşi esa aynan şu qarorlarga boğliq. Janubiy Koreya qonunçiligi iş joyidagi tazyiqni “lavozim yoki munosabatdagi ustunlikdan foydalaniş” deb ta’riflagani bejiz emas.

Şunday şaroitda şikoyat qilişdan oldin xodim öziga bir neça savol beradi. Gapirsam, özimga zarar yetmaydimi? Biror natija çiqadimi? Aybdor haqiqatan ham javob beradimi? Şu savollardan biriga işonçli javob topilmasa, xodimlar jim turişni afzal köradi.

Janubiy Koreyada 2026-yil iyunida ötkazilgan sörov buni yaqqol körsatdi. Iştirokçilarning 32,1 foizi sönggi bir yilda tazyiqqa uçraganini aytgan, ularning 55,1 foizi esa heç narsa qilmay çidagan. Sababi söralganda deyarli yarmi “baribir heç narsa özgarmaydi” deb javob bergan, 30,1 foizi esa işda ziyon körişdan qörqqan.

Boşqa mamlakatlardagi tadqiqotlar ham şunga öxşaş manzarani körsatadi. Yevropa Ittifoqida ayollarning taxminan uçdan biri, yoş ayollarning esa beşdan ikki qismi iş joyida şahvoniy şilqimlikka uçragan, biroq zöravonlik qurbonlarining sakkizdan biri politsiyaga murojaat qilgan, xolos. Avstraliyada sönggi beş yilda har uç xodimdan biri iş joyidagi şilqimlikni boşdan keçirgan, holatlarning faqat 18 foizi haqida rasman xabar berilgan. Yaponiyaning 2023-moliya yilidagi milliy sörovida xodimlarning 19,3 foizi lavozimdan foydalanib qilingan tazyiqqa, 6,3 foizi şahvoniy şilqimlikka duç kelgan. Qozoğiston mehnat vazirligi ötkazgan sörovda xodimlarning 30 foizi iş joyida şahvoniy şilqimlikka duç kelgani aniqlangan.

Özbekistonda manzara qanday?

Bu mavzuda mamlakatimizda keng kölamli tadqiqotlar hali kam. Ulardan biri UNFPA va Toşkentdagi Vestminster xalqaro universiteti tomonidan 23 ta xususiy kompaniyadagi 1 303 nafar xodim iştirokida ötkazilgan. Unda ayollarning 9 foizi iş joyida şahvoniy şilqimlikka duç kelganini aytgan.

Rasmiy raqamlar ham muammo borligini tasdiqlaydi. Oliy sud ma’lumotiga köra, 2025-yilning birinçi yarmida 986 kişi şahvoniy şilqimlik uçun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Şundan 358 nafariga jarima jazosi, 628 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qöllanilgan. Biroq bu holatlarning qançasi iş joyida sodir bölgani statistikada alohida körsatilmagan. Boşqaça aytganda, muammoning aynan mehnat jamoalaridagi kölami hozirça noma’lum.

Qonunçilikda ham böşliqlar bor edi. 2019-yilda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zöravonlikdan himoya qiliş töğrisida”gi qonun faqat xotin-qizlarni himoya qiladi. 2023-yildan amalda bölgan Mehnat kodeksi esa kamsitişni taqiqlasa-da, iş joyidagi tazyiqqa bağişlangan alohida modda mavjud emas.

Qaror nimani özgartiradi?

Bu borada Prezidentimizning 2026-yil 21-sentabrdagi “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan iş muhitini ta’minlaş çora-tadbirlari töğrisida”gi PQ-345-son qarori muhim buriliş yasadi. Hujjat 22-sentabrdan kuçga kirgan.

Qaror tört asosiy vazifani belgilaydi. Birinçisi, iş joyidagi tazyiq, jinsiy va jismoniy zöravonlik, şahvoniy şilqimlik, ruhiy bosim, ta’qib, kamsitiş va mansabni suiiste’mol qiliş holatlarining oldini oliş. Ikkinçisi, murojaatlarni xolis körib çiqiş va bu jarayonni raqamlaştiriş. Uçinçisi, murojaatçining şaxsiy ma’lumotlarini himoya qiliş. Törtinçisi, bunday huquqbuzarliklarni yaşirişga yöl qöymaslik.

Qaror bilan tasdiqlangan dastur avval davlat organlari va taşkilotlarida, davlat uluşi 50 foiz va undan ortiq bölgan korxonalar hamda ularning şöba taşkilotlarida joriy etiladi. Keyinçalik u bosqiçma-bosqiç mulkçilik şaklidan qat’i nazar boşqa korxona va taşkilotlarga ham kengayadi.

Qarorda mehnat intizomiga oid muhim tavsiya ham bor. Davlat organlarining mehnat jamoalariga içki mehnat tartibi qoidalarida qonunda belgilangan tartibda aniqlangan jinsiy yoki jismoniy zöravonlik va şahvoniy şilqimlikni mehnat majburiyatlarining bir martalik qöpol buzilişi deb belgilaş tavsiya etilgan. Tazyiq, ruhiy bosim, kamsitiş va murojaat qilgani uçun ta’qib qiliş esa mehnat intizomini buziş sifatida baholanadi. Oddiy qilib aytganda, şilqimlik isbotlansa, bitta holatning özi işdan böşatişga asos bölişi mumkin.

Qaror qoğozda qolib ketmasligi uçun amaliy qadamlar ham qöyilmoqda. 28-sentabrda Vazirlar Mahkamasining 518-son qarori bilan davlat organlari uçun tartib belgilandi, 15-oktabrda esa Toşkentda milliy dastur rasman boşlandi. 14 ta hududda 700 nafar murabbiy tayyorlanib, ular davlat taşkilotlarining kadrlar bölimi va xavfsiz iş muhiti uçun mas’ul 35 ming nafar xodimini öqitadi.

Şikoyat endi rahbarning stoliga tuşmaydi

Qarorning eng közga taşlanadigan yangiligi “Xavfsiz va hurmatga asoslangan iş muhiti” axborot portalidir. U 2026-yil 1-dekabrgaça Boşqaruv samaradorligi agentligining axborot tizimlarida işga tuşirilişi kerak. Xodim murojaatini unga onlayn tarzda yuboradi.

Portalning asosiy kuçi şundaki, agar şikoyat portalga mas’ul xodimning özi, uning bevosita rahbari yoki taşkilot mansabdorlari ustidan bölsa, tizim uni avtomatik ravişda yuqori turuvçi organga yönaltiradi. Ya’ni şikoyat ayblanayotgan odamning qöliga tuşmaydi. Iş joyidagi tazyiqning asosiy ildizi bölgan kuç tengsizligi şu tarzda texnik yeçim bilan yumşatiladi.

Bundan taşqari, portaldagi yozuvlarni öçirib bölmaydi. Jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bor holatlar “112” yagona navbatçilik xizmati orqali vakolatli organlarga uzatiladi. Boşqaruv samaradorligi agentligi esa monitoring natijalariga köra körib çiqilişi majburiy bölgan taqdimnoma kiritişi mumkin. Nodavlat taşkilotlar uçun şunga öxşaş imkoniyat dmi.mehnat.uz tizimida yaratiladi.

Dunyo tajribasi nima deydi?

Rivojlangan davlatlar allaqaçon bir xulosaga kelgan. Jabrlanuvçi sudga borişini kutib ötiriş yetarli emas, iş beruvçining özi muammoning oldini olişi şart.

Buyuk Britaniyada 2024-yil oktabridan iş beruvçi şahvoniy şilqimlikning oldini oliş uçun oqilona çoralar körişga majbur. Bu talab bajarilmasa, tribunal xodimga tölanadigan kompensatsiyani 25 foizgaça oşirişi mumkin. 2026-yil 30-oktabrdan esa talab yanada kuçayadi: endi “barça oqilona çoralar” körilişi kerak, iş beruvçi esa mijozlar kabi uçinçi şaxslar tomonidan sodir etilgan şilqimlik uçun ham javob beradi.

Fransiyada 2019-yildan beri 250 va undan ortiq xodimi bor har bir korxonada şilqimlikka qarşi kuraş böyiça alohida mas’ul şaxs tayinlanadi, şahvoniy şilqimlik uçun esa ikki yilgaça ozodlikdan mahrum qiliş va 30 ming yevro jarima nazarda tutilgan. Kanadada iş beruvçi xabarni olganidan keyin yetti kun içida murojaatçi bilan boğlanişi va butun jarayonni bir yil içida yakunlaşi şart. AQShda esa 2022-yildan buyon nizo boşlanişidan oldin imzolatilgan “sir saqlaş” bandlari şilqimlik böyiça işlarda sudda kuçga ega emas.

Biroq xorij tajribasida ogohlantiruvçi vaziyatlar ham bor. Masalan, Janubiy Koreyada mehnat vazirligiga kelgan tazyiq haqidagi xabarlar beş yilda 5 823 tadan 16 373 taga, ya’ni qariyb uç baravar köpaygan. Lekin bu xabarlarning atigi 1,4 foizi jarima bilan yakunlangan. Şikoyat uçun eşik oçilgani bilan uni körib çiqadigan malakali mutaxassislar yetişmasa, işonç tezda sönadi.

Hali javob kutayotgan savollar

Avvalo, maxfiylik. Raqamli portal juda nozik ma’lumotlarni bir joyga töplaydi. Kim, qaçon va qaysi ma’lumotni körgani qayd etib borilmasa, xavf saqlanib qoladi. Kiçik jamoalarda esa boşqa muammo bor. Ikki-uç kişilik bölimda ism-şarif yozilmagan “anonim” şikoyat ham kimdan kelgani darrov bilinib qoladi.

Yana bir masala, murojaatni körib çiqiş muddatlari va tekşiruvçining malakasi. Qarorda bu tafsilotlar keyinçalik işlab çiqiladigan tartib va namunaviy metodikaga qoldirilgan. Aniq muddatlar va mustaqil tekşiruvçi talabi belgilanmasa, portal şunçaki yana bir elektron poçta qutisiga aylanib qolişi mumkin.

Nihoyat, qonunçilik. Mehnat kodeksida iş joyidagi tazyiqning jinsidan qat’i nazar barça xodimlarga tatbiq etiladigan ta’rifi, iş beruvçining profilaktik majburiyati va şikoyatçidan öç olganlik uçun alohida javobgarlik hali yöq. Mehnat intizomiga oid qoida ham majburiy norma emas, tavsiya körinişida. Şunga qaramay, qonunçilik bir joyda turgani yöq. 2026-yil sentabrida tazyiq va zöravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat hisobidan yuridik yordam, jumladan işga tiklaş va iş haqini undiriş böyiça işlarda ham yordam körsatiş joriy etildi. 14-oktabrda imzolangan qonun bilan esa şahvoniy şilqimlik uçun jarima bazaviy hisoblaş miqdorining 2–5 baravaridan 10–15 baravarigaça, ma’muriy qamoq muddati esa 5 sutkadan 10 sutkagaça oşirildi.

Bu qaror Özbekiston uçun nega muhim?

Bir qaraşda bu har bir jamoaning içki işidek tuyulişi mumkin. Aslida esa PQ-345 mamlakat uçun bir neça jihatdan katta ahamiyatga ega.

Avvalo, bu iqtisodiyot masalasi. Tazyiq muhitida işlayotgan xodim kasallanadi, işdan ketadi, eng yaxşi kadrlar esa özini hurmat qiladigan joyni qidiradi. Aholisining katta qismi yoşlar bölgan, mehnat bozori tez ösayotgan Özbekiston uçun bunday yöqotiş öta qimmatga tuşadi.

Qolaversa, bu xotin-qizlarning mehnat bozoridagi örni bilan bevosita boğliq. Sönggi yillarda Özbekiston bu yönalişda sezilarli natijalarga erişdi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va huquq 2026” tadqiqotida mamlakat 82,1 ball bilan bir yöla 43 poğona yuqorilab, 190 davlat orasida 48-örinni egalladi.

Bundan taşqari, bu davlat va fuqaro örtasidagi işonç masalasi. Qaror orqali davlat özini namunali iş beruvçi sifatida körsatmoqda. Yangi qoidani avval öz tizimida sinab, söng xususiy sektorga kengaytirmoqda. Agar portal işlasa va şikoyatlar haqiqatan natija bersa, odamlarning davlat institutlariga işonçi mustahkamlanadi.

XMTning işdagi zöravonlik va tazyiq töğrisidagi 190-son konvensiyasini 2026-yil may holatiga köra 56 davlat ratifikatsiya qilgan. PQ-345 qarorida Özbekistonning uşbu konvensiyaga qöşiliş masalasini körib çiqiş ham nazarda tutilgan. Şu ma’noda qaror bu yölda mustahkam poydevor böla oladi. Xodimlar huquqi himoyalangan mamlakat investor uçun ham işonçli hamkor hisoblanadi.

Albatta, qarorning haqiqiy natijasi portalning texnik imkoniyatlari bilan emas, odamlar unga işonadimi-yöqmi, şu bilan ölçanadi. Hurmatga asoslangan iş muhiti bir kunda, bitta hujjat bilan paydo bölmaydi. U jim turiş xavfli, gapiriş esa xavfsiz bölgan joyda şakllanadi.

❝ PQ-345 aynan şunday muhit sari qöyilgan jiddiy qadamdir. Endi gap uni har bir idora va har bir jamoada hayotga tatbiq etişda. ❞

Otabek FAYZULLAYEV,
Parlament tadqiqotlari instituti boş ilmiy xodimi