Ortga qaytish Chop etish

Jarimadan maqsad — undirish emas, intizom Moliyaviy jarimalarni to‘lash va qaytarish tartibi qanday o‘zgaradi?

 


Jarimadan maqsad — undirish emas, intizom


Moliyaviy jarimalarni to‘lash va qaytarish tartibi qanday o‘zgaradi?


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 20-oktabr kuni tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash, ularni to‘lash hamda noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilib, Senatga yubordi.

Hujjat tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashning yagona va shaffof tartibini belgilash hamda davlat organlari qarorlari ustidan samarali shikoyat qilish imkoniyatlarini kengaytirishni ko‘zda tutadi.

Loyiha nega zarur bo‘ldi?


Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy jarimalar turli davlat organlari tomonidan qo‘llaniladi. Biroq bu jarayonda yagona tartib to‘liq shakllanmagan, jarimalarni undirish va noqonuniy qarorlar oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq muammolar esa huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish zaruratini kun tartibiga qo‘ydi.
Joriy yilning 13-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini liberallashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va sud nazoratini kuchaytirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.
Oradan ikki kun o‘tib, 15-aprelda qabul qilingan “Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida”gi PQ-138-son qarorda moliyaviy javobgarlikka oid tartib-taomillarni birxillashtirish, tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Mazkur masalalar Prezidentimizning 18-avgust kuni Xiva shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan VI ochiq muloqotida ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari bugun 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega ekaniga to‘xtalib, bu boradagi pozitsiyani aniq bayon qildi: “Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak”.
Muloqotda, shuningdek, jarimalar miqdorini mutanosiblik tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish, “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasini joriy etish kabi vazifalar belgilab berildi. Ular 27-avgustda qabul qilingan PF-175-son Farmon bilan huquqiy jihatdan mustahkamlandi.



Jarimani to‘lashda qanday yengilliklar beriladi?


Qonun loyihasi tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy jarimani ixtiyoriy ravishda, yengillashtirilgan tartibda to‘lash imkoniyatini nazarda tutadi.
Xususan, vakolatli organning jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarima summasining 50 foizini to‘lagan tadbirkor qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Bundan tashqari, jarimani olti oy davomida teng qismlarga bo‘lib to‘lash imkoniyati ham belgilanmoqda. Qayd etish joizki, bu yengilliklar PQ-138-son qaror bilan 2026-yil 1-oktabrdan amalda joriy etilgan edi. Endi ular qonun darajasida mustahkamlanib, barqaror huquqiy kafolatga aylanmoqda.
Bunday yondashuv tadbirkorlarni o‘z moliyaviy majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishga rag‘batlantiradi, korxonalarning aylanma mablag‘lariga tushadigan bir martalik yukni esa yengillashtiradi.


Noqonuniy undirilgan mablag‘lar qanday qaytariladi?


Loyihaning yana bir muhim jihati — tadbirkorlarning buzilgan mulkiy huquqlarini tiklash kafolatlari.
Moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida tadbirkorga qaytariladi.
Agar mablag‘lar shu muddatda qaytarilmasa, kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun qaytarilmagan summaga Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan bir qismi miqdorida foiz hisoblanadi.
Boshqacha aytganda, tadbirkorning huquqlarini tiklash noqonuniy qarorni bekor qilish bilan cheklanib qolmaydi — uning mulkiy manfaatlari ham amalda himoya qilinadi.

 

Loyihaning amaliy ahamiyati nimada?


Moliyaviy sanksiyalar qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash vositasi hisoblanadi. Biroq ularni qo‘llashda davlat organlarining nazorat vakolatlari bilan tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlari o‘rtasida oqilona muvozanat saqlanishi muhim.
Shu nuqtayi nazardan, moliyaviy jarimalarni qo‘llashning aniq tartibini belgilash, vakolatli organlarning qarorlari ustidan shikoyat qilish imkoniyatlarini mustahkamlash va noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish mexanizmlarini takomillashtirish tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytiradi.
Eng muhimi, bunday yondashuv davlat organlarining moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashdagi mas’uliyatini oshiradi, asossiz moliyaviy yuklamalarning oldini oladi va tadbirkorlik uchun yanada qulay huquqiy muhit yaratadi. Zero, jarima jazolash emas, intizom vositasi bo‘lgan joyda davlat va biznes o‘rtasidagi ishonch ham mustahkamlanadi.

 

Dmitriy RAXMANOV,


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining Sud-huquq sohasidagi tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i