


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Qonun ijodkorligi faoliyatiga lingvistik yondashuv: davlat tili va yuridik tafakkur uyg‘unligi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida o‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb bilishimiz kerak. Shu maqsadda 2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda uni 2025–2026-yillarda amalga oshirish dasturi izchil hayotga tatbiq etilmoqda.
Tadbirda davlat tilining nufuzini mustahkamlash, uni qonun ijodkorligi jarayonida to‘laqonli qo‘llash va huquqiy matnlar sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zero, davlat tili milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimizning ifodasi bo‘lib, uning nufuzi, qonunlar tilida ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Qonun ijodkorligida huquqiy normalarning aniq va bir xil talqin etilishini ta’minlashda atamalarning to‘g‘ri qo‘llanilishi, jumlalarning mantiqiy izchilligi va huquqiy tushunchalarning sodda, bir ma’noli ifodalanishi muhim ahamiyatga ega. Zero, qonun matnidagi har bir atama, ibora va jumla huquqiy mazmunni to‘liq ochib berishi, huquq va majburiyatlarni to‘g‘ri anglashga xizmat qilishi hamda turlicha talqinlarga sabab bo‘ladigan noaniqliklarga o‘rin qoldirmasligi lozim.
Mazkur talablarga rioya etilishini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi alohida o‘rin tutadi. Ushbu maxsus komissiya qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq, yagona shaklda va turlicha izohlashga yo‘l qo‘ymaydigan tarzda qo‘llanilishini, shuningdek, o‘zbek adabiy tilining amaldagi qoidalari va normalariga hamda yuridik-texnik talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha tizimli faoliyat olib bormoqda. Komissiya yig‘ilishlarida qonun loyihalari “Davlat tili haqida”gi va “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunlar talablaridan kelib chiqqan holda so‘zma-so‘z, atama va ibora darajasida sinchiklab ko‘rib chiqiladi.
Bu ishga deputatlar va parlament mutaxassislari bilan birga huquqshunos va tilshunos olimlar, sohaviy ekspertlar hamda amaliyotchilar doimiy ravishda jalb etilib, ularning fikr-mulohazalari albatta inobatga olinadi. Turli nuqtayi nazarlarni qiyosiy o‘rganish huquqiy normalarni puxta ifodalash, turlicha talqinlar xavfini kamaytirish va qonunning amalda to‘g‘ri qo‘llanilishiga zamin yaratadi.
Muhokama va savol-javob jarayonida qonun loyihalari hamda tahliliy hujjatlarda yuridik atamalarning aniq qo‘llanishi, huquqiy fikrning ravon bayon etilishi, matnning mantiqiy izchilligi ta’minlanishi va yozuv me’yorlariga rioya qilinishiga oid amaliy misollar ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida davlat tilining qonunchilikda to‘laqonli qo‘llanilishini ta’minlash, qonun loyihalarini tayyorlashda til me’yorlari va huquqiy bayon talablariga rioya etish, sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ilgari surildi. Bu borada parlament, tegishli mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar hamkorligini yanada izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.