Ortga qaytish Chop etish

Jinoyat huquqi va kriminologiyaning dolzarb masalalari xalqaro konferensiyada muhokama qilindi

 

2026-yil 20-oktyabr kuni Toshkent davlat yuridik universitetida "Zamonaviy jinoyat huquqi va kriminologiyaning dolzarb muammolari: raqamlashtirish, inson huquqlari va qonun ustuvorligi" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori Akrom Toshpulatov "Zamonaviy jinoyat huquqi falsafasi: jinoiy-huquqiy ta’sir chegaralari va O‘zbekiston jinoyat qonunchiligining rivojlanish vektorlari" mavzusida ma’ruza qildi.

Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoiy odil sudlov fakulteti Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish sho‘basi hamda Finlyandiyaning Xelsinki universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda zamonaviy jinoyat huquqi va kriminologiyaning dolzarb masalalari, raqamli texnologiyalarning jinoiy faoliyatga ta’siri, inson huquqlarini himoya qilish va qonun ustuvorligini ta’minlashning huquqiy mexanizmlari muhokama qilindi.

Xususan, korrupsiyaning an’anaviy shakllaridan raqamli ko‘rinishlarga o‘tishi, jinoiy faoliyatda kriptovalyutalar va raqamli aktivlardan foydalanish, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishda yuzaga kelayotgan yangi muammolarga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur masalalar raqamli iqtisodiyot sharoitida jinoyatchilikka qarshi kurashish usullarini takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotini yangi talablarga moslashtirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.