Chiqindi endi shunchaki tashlanmaydi: yangi qonun nimani o‘zgartiradi?
Mamlakatimizda chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirishga qaratilgan yangi qonunchilik tashabbusi ilgari surilmoqda. Bu 24-yil avval qabul qilingan amaldagi qonun o‘rniga ishlab chiqilgan «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonun loyihasida nazarda tutilmoqda.
Yangi qonun loyihasida qanday o‘zgarishlar taklif etilmoqda?
Qonun loyihasiga ko‘ra, chiqindilarni to‘plash, tashish, saqlash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, sohada davlat organlari va ixtisoslashgan tashkilotlarning vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.
Xususan, qurilish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni birinchi navbatda qayta ishlash yoki takroriy foydalanishga yo‘naltirish, faqat bunday imkoniyat mavjud bo‘lmagan hollarda ularni poligonlarga joylashtirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, ichimlik mahsulotlari qadoqlari uchun depozit tizimini joriy etish, atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar va qadoqlash materiallarini ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilarning mas’uliyatini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qanday kutib olindi?
«Adolat» SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan mazkur qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi subyekti vakillariga bir qator savollar berilib, loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Jumladan, deputatlar qonun loyihasida belgilanayotgan asosiy prinsiplar qatoriga chiqindilarni qayta ishlash va ulardan foydalanish prinsipini ham kiritish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, sohadagi vakolatli davlat organlarining vazifa va vakolatlarini yanada aniqlashtirish, ayrim normalarni huquqiy jihatdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Muhokamalarda chiqindilarni faqat yig‘ish va olib chiqib ketish bilan cheklanmasdan, ularni qayta ishlash, ikkilamchi xomashyo sifatida iqtisodiy muomalaga kiritish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Mazkur qonun loyihasi chiqindilarni boshqarishning zamonaviy huquqiy mexanizmlarini shakllantirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va sohadagi mas’uliyatni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Otabek RO‘ZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining bo‘lim boshlig‘i