21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni
OKSFORDDAN TERMIZGACHA
yoxud o‘zbek tilining 45 millionlik salohiyati haqida o‘ylar
Bu yil “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganiga 37-yil to‘ldi. Qizig‘i, mamlakatimizda so‘nggi marta aholi ham aynan 1989-yilda ro‘yxatga olingan edi. 37-yillik tanaffusdan so‘ng o‘tkazilgan yangi ro‘yxat natijasida ona tilimiz haqida ilk bor aniq raqam ma’lum bo‘ldi. 35,7 million yurtdoshimiz o‘zbek tilini ona tili deb biladi. Dunyo miqyosida esa bu ko‘rsatkich 45 millionga yaqinlashdi. Xo‘sh, bu raqamlar ortida nima turibdi? O‘zbek so‘zi bugun qaysi mamlakatlarda yangramoqda, uni kimlar va nima uchun o‘rganmoqda? Eng muhimi, ona tilimiz iqtisodiyotimiz uchun qanday imkoniyatlar eshigini ochmoqda?
Shu yilning yozi. Toshkentdagi milliy matolar do‘konlaridan birida xorijlik yoshlar sotuvchi bilan o‘zbek tilida bemalol suhbatlashmoqda. Ular Buyuk Britaniyaning eng qadimiy oliygohi – Oksford universiteti talabalari. Yoshlar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan bir oylik yozgi maktabda o‘zbek tili, tarixi va madaniyatini o‘rganish uchun kelishgan. Oksfordda 2025-yil oktyabrda “O‘zbekshunoslik” dasturi ochilib, o‘zbek va eski o‘zbek (chig‘atoy) tillari o‘quv rejasiga kiritilgan edi. Bu Buyuk Britaniyada shunday dasturni joriy etgan birinchi va yagona oliygohdir.
Bir qaraganda, bu oddiy manzara. Aslida esa u o‘zbek tilining bugun boshidan kechirayotgan tub o‘zgarishlar ramzidir. Ona tilimiz o‘z chegaralaridan chiqib, dunyoning nufuzli auditoriyalariga, xalqaro bozorlarga va raqamli makonga dadil kirib bormoqda.
Ro‘yxat ochgan haqiqat
Uzoq yillar davomida “O‘zbek tilida dunyoda qancha kishi so‘zlashadi?” degan savolga turli manbalar turlicha javob berib keldi. Xalqaro ma’lumotnomalarda bu raqam ko‘pincha 34–36 million atrofida ko‘rsatilar edi. 2026 yilgi umummilliy aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari bu boradagi bahslarga ancha aniqlik kiritdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 15-yanvar holatiga mamlakatimiz aholisi 39 047 321 kishini tashkil etdi. Aholining 89,4 foizi o‘zbeklar bo‘lsa, 91,3 foizi, ya’ni 35,7 million kishi o‘zbek tilini ona tili deb ko‘rsatdi (1-oktyabr holatiga bu raqam 39 535 225 kishiga yetdi). Bu ikki raqam orasidagi farq ko‘p narsani anglatadi. Yurtimizda yashayotgan boshqa millat vakillarining bir qismi ham o‘zbek tilini o‘z ona tili sifatida qabul qilgan. Davlat tili ko‘p millatli xalqimizni birlashtiruvchi omilga aylanganining bundan yorqin isboti bo‘lmasa kerak.
Chegaralarimizdan tashqarida ham o‘zbek tili katta auditoriyaga ega. Xalqaro “Ethnologue” ma’lumotnomasining 2025 yilgi nashriga ko‘ra, Afg‘onistonda 4,6 million kishi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Qo‘shni davlatlarning rasmiy statistikasiga ko‘ra, Tojikistonda 1,09 million, Qirg‘izistonda 1,04 million, Qozog‘istonda 695,6 ming, Turkmanistonda 642,5 ming, Rossiyada 323,3 ming o‘zbek istiqomat qiladi. Bunga Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, AQSH, Xitoy va boshqa mamlakatlardagi diasporalarni qo‘shsak, o‘zbek tilini ona tili deb biluvchilar soni 45 millionga yaqinlashadi. Ularning 79 foizi O‘zbekistonda, 10 foizi Afg‘onistonda, qolganlari esa boshqa davlatlarda yashaydi.
Ikkinchi til sifatida undan foydalanuvchilarni ham hisobga olsak, bu ko‘rsatkich 48–50 millionga yetadi. Prezidentimiz 2019-yilda “Hozirgi vaqtda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi”, deb ta’kidlagan edi. Bugungi raqamlar bu bahoni to‘la tasdiqlab turibdi. O‘zbek tili turkiy tillar orasida turk tilidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
|
RAQAMLAR TILIDA |
|
|
35,7 mln |
O‘zbekistonda o‘zbek tilini ona tili deb biluvchilar (2026 yilgi aholi ro‘yxati) |
|
≈45 mln |
dunyo bo‘yicha o‘zbek tilini ona tili deb biluvchilar |
|
48–50 mln |
ikkinchi til sifatida foydalanuvchilar bilan birga |
|
40 ga yaqin |
yurtdoshlarimiz mehnat qilayotgan davlatlar |
|
kamida 14 |
o‘zbek tili oliy ta’limda o‘qitilayotgan davlatlar |
|
50 dan ortiq |
o‘zbek tili o‘qitiladigan xorijiy oliygohlar |
|
18,9 mlrd $ |
2025-yilda xorijdan kelgan pul o‘tkazmalari |
|
0,1% dan kam |
o‘zbek tilidagi veb-saytlarning dunyodagi ulushi |
Olti davlatning ona tili, qirq mamlakatning kundalik so‘zi
O‘zbek tilining bugungi jug‘rofiyasini uch halqa shaklida tasavvur qilish mumkin.
Ichki halqa – o‘zbeklar azaldan ixcham yashab kelayotgan hududlar, ya’ni O‘zbekiston, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston. Bu olti davlatda o‘zbek tili mahalliy aholi tilidir.
O‘rta halqa – o‘tgan asr davomida shakllangan diasporalar. Rossiyadan Saudiya Arabistonigacha, Turkiyadan AQSHgacha bo‘lgan hududlarda o‘zbek oilalari o‘z tili va udumlarini avloddan avlodga avaylab yetkazib kelmoqda.
Tashqi halqa esa eng harakatchan va tez kengayayotgani mehnat migratsiyasi. Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun 1,4 millionga yaqin yurtdoshimiz 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda. Ulardan 834 mingdan ortig‘i Rossiyada, 84 mingdan ortig‘i Qozog‘istonda, 72 mingdan ortig‘i Turkiyada, 46 mingdan ortig‘i Janubiy Koreyada, 258 ming nafari Yevropa mamlakatlarida ishlamoqda. So‘nggi paytda Yevropaga oqim 42 foizga, Sharqiy Osiyoga 26 foizga oshdi. Bugun Seul va Istanbul ko‘chalarida ham, Yevropa shaharlarida ham o‘zbekcha so‘z eshitish oddiy holga aylandi.
Oksforddan Qohiragacha: o‘zbek tilini kim o‘rganmoqda?
Tilning xalqaro nufuzi uni ona tili deb biluvchilar soni bilangina emas, uni ixtiyoriy ravishda o‘rganayotganlar soni bilan ham o‘lchanadi. Bu borada ham manzara quvonarli. Ochiq manbalarga ko‘ra, o‘zbek tili bugun kamida 14 davlatning oliy ta’lim muassasalarida o‘qitilmoqda.
Yevropada Oksford universiteti bilan bir qatorda Fransiyaning Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy instituti (INALCO), Germaniyaning Myunxen Lyudvig-Maksimilian universiteti o‘zbek tili kurslarini taklif etmoqda. Moskva davlat lingvistika universitetida o‘zbek tili 2010-yildan beri o‘qitiladi. 2022-yilda esa bu yerda O‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi. Okean ortida AQSHning Indiana universitetida o‘zbek tili Markaziy Yevroosiyo tadqiqotlari doirasida o‘rgatilmoqda.
Osiyoda Xitoyning Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida 2017–2018-yillardan o‘zbek tili bakalavriat yo‘nalishi faoliyat yuritmoqda. Janubiy Koreyaning Xankuk chet tillar universiteti, Yaponiyaning Tokio chet tillari universiteti, Turkiyaning Uludog‘ va Ordu universitetlari, Misrning Qohira universiteti ham o‘zbek tiliga eshik ochgan. Qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonning universitetlarida esa o‘zbek filologiyasi bo‘yicha kafedralar ishlamoqda. Umuman olganda, o‘zbek tili xorijning 50 dan ortiq oliy o‘quv yurtida o‘qitiladi.
Davlatimiz bu jarayonni tizimli qo‘llab-quvvatlamoqda. Prezidentimizning 2025-yil 20-oktyabrdagi qarori bilan har yili oktyabr oyida o‘zbek tilining dunyo tillari orasidagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Olimpiada g‘oliblari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi, xorijdagi vatandoshlarimiz farzandlari uchun esa o‘zbek tili markazlari ochilishiga ko‘maklashiladi.
So‘zning narxi
Til haqida gap ketganda, ko‘pincha uning ma’naviy qiymati tilga olinadi. Bu tabiiy. Ammo zamonaviy iqtisodiyot fanida til kapital sifatida ham o‘rganiladi. Bir tilda so‘zlashadigan odamlar qancha ko‘p bo‘lsa, shu tildagi bozor, xizmatlar va axborot hajmi ham shuncha katta bo‘ladi.
45 million kishi so‘zlashadigan til – 45 million iste’molchi, ishchi va tadbirkor degani. Bu bozorning yadrosi bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,7 foizga o‘sdi, yalpi ichki mahsulot hajmi esa 147 milliard dollardan oshdi. 2026-yilning birinchi yarim yilligida esa 8,5 foiz o‘sishga erishildi.
Til savdo yo‘llarini ham qisqartiradi. Iqtisodchi olimlar P.Egger va A.Lassmanning ko‘plab tadqiqotlar natijalarini umumlashtirgan tahliliga ko‘ra, umumiy til davlatlar o‘rtasidagi savdoni o‘rtacha 44 foizga oshiradi. Bu qonuniyatni o‘z mintaqamizda ham ko‘rish mumkin. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdosi 2017–2025-yillarda 3,1 baravar oshib, 8,3 milliard dollarga yetdi. Afg‘oniston bilan tovar ayirboshlash 2025-yilda 1,68 milliard dollarni tashkil etdi. Joriy yilning yanvar–iyul oylarida esa bu mamlakat Rossiya va Xitoydan keyin uchinchi yirik eksport bozorimizga aylandi. 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga tijorat maqsadida kelgan xorijliklarning 92,7 foizini Afg‘oniston fuqarolari tashkil etgani ham bejiz emas. Albatta, bu o‘sishda logistika, narx va siyosiy omillar ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shunga qaramay, Termizdan Mozori Sharifgacha bo‘lgan hududda tadbirkorlarning ko‘p hollarda tarjimonsiz til topishayotgani bitimlarni tezlashtiradi va ishonchni mustahkamlaydi.
Tilning kuchini mehnat migratsiyasi misolida ham ko‘rish mumkin. 2025-yilda xorijdan mamlakatimizga 18,9 milliard dollar pul o‘tkazmasi kelib tushdi. Bu yalpi ichki mahsulotning qariyb 13 foiziga teng. Pul o‘tkazmalarining aholi daromadlaridagi ulushi esa 21 foizga yetdi. Xorijdagi yurtdoshlarimizni vatan bilan va bir-biri bilan bog‘lab turgan rishtalarning eng mustahkami – ona tili. Aynan u orqali ish o‘rinlari haqidagi axborot tarqaladi, o‘zaro yordam va ishonch tarmoqlari shakllanadi. Xorijiy tillarni bilish esa migrant mehnatining qiymatini oshiradi. Shu bois xorijda ishlamoqchi bo‘lganlarga til o‘rganish xarajatlarining yarmi qoplab berilayotgani oqilona qarordir. Ona tili va xorijiy tillar bu yerda bir-birini to‘ldiruvchi inson kapitalidir.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yilgi bayram tabrigida alohida ta’kidlaganidek, “O‘zbek tilining boy imkoniyatlari asosida xalqimiz tafakkuriga mos va jozibador milliy brendlar yaratish, mahsulotlarimizni tashqi bozorga olib chiqish marketing sohasida asosiy yo‘nalishga aylanishi zarur”.
Raqamli maydondagi bo‘shliq
Ammo hamma ko‘rsatkichlar ham ko‘ngildagidek emas. Eng katta nomutanosiblik raqamli makonda kuzatilmoqda. O‘zbek tilida jahon aholisining qariyb 0,5 foizi so‘zlashadi. “W3Techs” xalqaro xizmati ma’lumotlariga ko‘ra esa dunyodagi veb-saytlarning 0,1 foizidan ham kamrog‘i o‘zbek tilida. Boshqacha aytganda, internetdagi o‘zbekcha kontent tilimizda so‘zlashuvchilar ulushidan kamida besh baravar kam.
Sun’iy intellekt davrida bu shunchaki madaniy muammo emas. Til modellari qaysi tilda ko‘p matn bo‘lsa, o‘sha tilda sifatliroq ishlaydi. Demak, o‘zbek tilidagi kontent kam bo‘lsa, o‘zbekzabon foydalanuvchilar ham zamonaviy texnologiyalardan to‘laqonli foydalana olmaydi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Hayotimizda sun’iy intellekt ta’siri ortib borayotgan bir paytda bu qudratli vosita yordamida ona tilimizni rivojlantirish va targ‘ib etish – davr talabidir”. O‘zbek tilini sun’iy intellekt yordamida qo‘llab-quvvatlaydigan platforma yaratish vazifasi belgilangani ana shu bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgan. Bu bo‘shliq ayni paytda katta bozor hamdir. O‘zbek tilidagi sifatli kontent, lug‘atlar, matn korpuslari va tarjima xizmatlari yangi ish o‘rinlarini yaratadi.
Qonun – tilning qalqoni
O‘zbek tilining bugungi yuksalishi mustahkam huquqiy poydevorga tayanadi. 2023-yilda umumxalq referendumida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyamizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”, deb qat’iy belgilab qo‘yilgan. “Davlat tili haqida”gi Qonun, “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun hamda davlat xizmatiga va fuqarolikka qabul qilishda davlat tilini bilish talabini nazarda tutuvchi normalar bu poydevorning tarkibiy qismidir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasida esa har bir qonun loyihasining tili sinchiklab ko‘rib chiqilmoqda. Zero, qonun tili aniq va ravon bo‘lsa, undan fuqaro ham, tadbirkor ham, investor ham birdek naf ko‘radi.
Ertangi kun uchun besh qadam
O‘zbek tilining iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun, bizningcha, quyidagi qadamlar dolzarb:
– O‘lchash. Internetdagi o‘zbekcha kontent ulushi, davlat tilidagi elektron xizmatlar, tarjima va lokalizatsiya bozori bo‘yicha ko‘rsatkichlarni muntazam kuzatib borish.
– Ishbilarmonlik tili. Afg‘oniston va Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi savdo uchun o‘zbek tilida yagona atamalar bazasi va namunaviy shartnomalar ishlab chiqish.
– Diaspora. Yurtdoshlarimiz ko‘p mehnat qilayotgan Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Janubiy Koreya va Yevropa davlatlarida o‘zbek tili markazlarini ustuvor ravishda ochish.
– Raqamli kontent. O‘zbek tilidagi ta’limga oid va media kontent yaratuvchilarni grantlar bilan rag‘batlantirish, sun’iy intellekt uchun ochiq matn korpuslarini shakllantirish.
– Til eksporti. Xorijliklar uchun xalqaro miqyosda tan olinadigan o‘zbek tili sertifikati tizimini joriy etish.
Xotima o‘rnida
Maqola boshida tilga olingan manzaraga qaytaylik. Oksford talabalarining Toshkentdagi do‘konda o‘zbek tilida qilgan suhbati tilimiz kelajagining kichik bir ko‘rinishidir. Ertaga bu suhbat xorijiy universitet auditoriyasida, Seuldagi ishbilarmonlar uchrashuvida, Mozori Sharifdagi savdo bitimida yoki sun’iy intellekt bilan muloqotda davom etishi mumkin.
Prezidentimiz “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak”, degan edi. Bugun bu fikrga yana bir haqiqatni qo‘shish mumkin. Davlat tiliga kiritilgan har bir investitsiya mamlakatimiz kelajagiga, iqtisodiy raqobatbardoshligimizga kiritilgan investitsiyadir. 45 million kishining tili bo‘lgan o‘zbek tili bunga to‘la arziydi.
O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
Oybek QO‘SHBOQOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i,
iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori