






2026-yil 15-oktyabr kuni Parlament tadqiqotlari institutida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda qo‘mita faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ehtiyojlari, shuningdek, hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Qo‘mita raisi uchrashuvda qo‘mitaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida qonun ijodkorligi doirasida muhokama qilingan loyihalar va ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyati, ularning huquqiy-siyosiy ahamiyati hamda qo‘mita faoliyatidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda xalqaro parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish borasidagi ishlar va ustuvor vazifalarga to‘xtaldi.
Uchrashuvda qo‘mita faoliyatini, jumladan, nazorat-tahlil tadbirlarini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Qo‘mitaning amaliy ehtiyojlarini o‘rganish, ustuvor tadqiqot yo‘nalishlarini belgilash va hamkorlikni tizimli tashkil etish maqsadida Parlament tadqiqotlari institutidan qo‘mitaga alohida ilmiy xodim biriktirildi. Shuningdek, Institutning ilmiy-tahliliy salohiyatidan samarali foydalanish, tadqiqot natijalarini qo‘mitaning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati bilan bog‘lash hamda amaliy ahamiyatga ega tahliliy materiallarni tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, parlament diplomatiyasini rivojlantirish, xorijiy parlamentlar va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlashga doir qiyosiy tadqiqotlarga bo‘lgan ehtiyoj muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishlardagi tadqiqotlar qo‘mita faoliyatining ilmiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi, bu borada institut bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.