2026-yil 6-oktyabr kuni Ozarbayjon Milliy Majlisining Mudofaa, xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari qo‘mitasi hamda Huquqiy siyosat va davlat qurilishi masalalari qo‘mitasining qo‘shma majlisida “Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabar beruvchi shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Hujjatga muvofiq, korrupsiyaviy jinoyatlar haqida xabar bergan va taqdim etgan ma’lumotlari tasdiqlangan shaxslarga eng kam ish haqining 25 baravarigacha miqdorda mukofot to‘lash taklif etilmoqda. Mazkur mukofot daromad solig‘idan ozod qilinishi ham nazarda tutilgan.
Qonun loyihasida mukofotni to‘lash tartibi va muddatlari ham belgilangan. Jumladan, xabar beruvchi taqdim etgan ma’lumotlar tasdiqlanganidan keyin unga 10 ish kuni ichida tegishli mukofot to‘lanadi. To‘lov tashkilot rahbarining qarori asosida amalga oshiriladi. Byudjet tashkilotlarida esa buning uchun operatsion xarajatlar va byudjetdan tashqari mablag‘lardan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Mukofot miqdorini belgilashda korrupsiyaviy jinoyatning xususiyati, jinoyatlar soni, taqdim etilgan ma’lumotning jinoyatni fosh etishdagi ahamiyati, yetkazilgan zarar miqdori hamda qaytarilgan aktivlar hisobga olinadi.
Shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi yoki boshqa yakuniy qaror qabul qilingan taqdirda, xabar beruvchiga maxsus musodara qilingan mol-mulk yoki pul mablag‘lari, davlat byudjetiga undirilgan to‘lovlar va davlatga yetkazilgan zararni qoplashdan tushgan mablag‘larning tegishli xarajatlar chegirilganidan keyingi 5 foizi miqdorida mukofot berish taklif etilmoqda.
Mukofot to‘lash to‘g‘risidagi qaror dastlabki tergov bosqichida tergovchi tomonidan nazorat qiluvchi prokuror roziligi bilan, sud bosqichida esa ishni ko‘rib chiqayotgan sud tomonidan qabul qilinadi.
Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi korrupsiya haqida xabar berishni rag‘batlantirish, jinoyatlarni aniqlash va fosh etishda fuqarolarning ishtirokini kuchaytirish hamda bunday ma’lumotlarni taqdim etuvchi shaxslarning manfaatlarini huquqiy jihatdan himoya qilishdan iborat.
Ozarbayjon tajribasining asosiy xususiyati korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish mexanizmlarini yagona qonunda birlashtirishdan iborat. Bunda tasdiqlangan ma’lumot uchun pul mukofoti berish, uni soliqdan ozod qilish hamda mukofot miqdorini musodara qilingan mol-mulk va undirilgan zarar bilan bog‘lash nazarda tutilgan.
O‘zbekistonda korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvardagi O‘RQ–419-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi. Amaldagi tartibda huquqbuzarlikning xususiyati va og‘irligiga qarab pul mukofotlari belgilangan.
Biroq rag‘batlantirish va himoya qilish mexanizmlarini yagona qonun doirasida tizimli tartibga solish, mukofotning soliq maqomini aniqlashtirish hamda uni amalda undirilgan zarar bilan bog‘lash imkoniyatlarini ko‘rib chiqish dolzarb hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Ozarbayjon tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistonda korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning huquqiy maqomi va himoya kafolatlarini kuchaytirish, rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish maqsadida amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki alohida qonun qabul qilish imkoniyatini o‘rganish maqsadga muvofiq.