Parlament tadqiqotlari instituti Sud-huquq sohasida tadqiqotlar bo‘limining bosh ilmiy xodimi Nuriddin Sotivoldiyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilingan sanoat xavfsizligini ta’minlashga oid qonun loyihasining ahamiyati yuzasidan fikr bildirdi.
Mazkur qonun loyihasi sanoat xavfsizligi tizimini takomillashtirish, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, shuningdek, belgilangan xavfsizlik talablarini buzganlik uchun javobgarlikning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Loyihada sanoat xavfsizligi talablarining buzilishi oqibatida inson hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan holatlar uchun jinoiy javobgarlikni belgilash, ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish, sanoat xavfsizligi ekspertizasi ishonchliligini oshirish hamda xavfli yuklarni tashishda xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni takomillashtirish nazarda tutilgan.
Taklif etilayotgan o‘zgartishlar, avvalo, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan huquqiy kafolatlarni mustahkamlash, xavfli obyektlardan foydalanishda mas’uliyatni oshirish va avariyalarning oldini olishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, sanoat xavfsizligi sohasidagi huquqiy talablarni buzish holatlariga nisbatan ta’sirchan javobgarlik choralarini belgilash bilan bir qatorda, xavflarni oldindan aniqlash va bartaraf etish mexanizmlarini rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega.
Qonun loyihasining amaliyotda samarali qo‘llanilishi uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaruvchi asoslarni aniq belgilash, huquqbuzarlikning xususiyati va kelib chiqqan oqibatlar bilan javobgarlik choralari o‘rtasida mutanosiblikni ta’minlash zarur. Shuningdek, sanoat xavfsizligi ekspertizasi natijalarining xolisligi va ishonchliligini ta’minlash, nazorat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish hamda belgilangan talablarning amalda bajarilishi ustidan tizimli nazoratni yo‘lga qo‘yish alohida o‘rin tutadi.
Umuman, mazkur qonunchilik tashabbusi sanoat xavfsizligi sohasida huquqiy tartibga solish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlaridagi xavflarni kamaytirish va inson hayoti hamda sog‘lig‘ini muhofaza qilishning ishonchli mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.