Ortga qaytish Chop etish

BILIM VA MALAKA – YANGI TARAQQIYOT BOSQICHINING USTUVOR KAPITALI

 

Har bir ota-ona farzandining yaxshi ta’lim olishini, munosib kasb egallab, jamiyatda o‘z o‘rnini topishini istaydi. Zero, ta’lim – har bir oilaning, har bir insonning ertangi kuni bilan bog‘liq muhim masala. Bu borada bir qadam oldinda fikrlash, bugundan ertangi kunga tayyorgarlik ko‘rish zarurligini biz yashayotgan davrning o‘zi yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Prezidentimizning Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etishga doir Farmonining qabul qilinishi ham ana shunday hayotiy zaruratdan kelib chiqdi. Ushbu hujjat mamlakatimizda so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan ta’lim islohotlarining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Shubhasiz, oxirgi o‘n yilda mamlakatimizda ta’lim va ilm-fan sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bugun bu islohotlarning natijasini yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarda ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmiz. Bilim olish, shaxsiy rivojlanish bugun umummilliy harakatga aylanib ulgurdi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda kelgusi o‘n yillik uchun yetti milliy dasturni belgilab berdi. Ularning birinchisi – bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgani bejiz emas. Chunki bugun bilimning o‘zi kifoya emas – uni tahlil qilish, yangi g‘oya va texnologiyaga aylantirish, inson va jamiyat manfaatiga yo‘naltirish suv va havodek zarur.

Shu nuqtayi nazardan, bugungi vazifa – ta’limning barcha bosqichlari, kasbiy tayyorgarlik va ilm-fan o‘rtasidagi uzviylikni mustahkamlash, sifat va natijadorlik uchun aniq javobgarlikni ta’minlash hamda eng muhimi, bilim va malakani yuqori qiymat yaratadigan inson kapitaliga aylantirishga xizmat qiladigan samarali institutsional tizimni shakllantirishdir.

So‘nggi o‘n yillikka nazar tashlasak, ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar, avvalo, yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish, ta’lim tizimidagi mavjud nomutanosibliklarni to‘g‘rilash va qamrovni kengaytirishga qaratilganini ko‘ramiz.

2017-yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 78 foizga yetdi. Oliy ta’lim bilan qamrov 2016-yildagi 9 foizdan 2026-yilda 45 foizga ko‘tarildi. Oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 205 taga yetdi. Ta’lim va ilm-fan sohasiga xarajatlar so‘nggi sakkiz yilda 6 barobar oshib, jami 378 trillion so‘mni tashkil etdi.

Bu raqamlar islohotlarning birinchi bosqichida asosiy e’tibor insonning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilganini ko‘rsatadi. Maktabgacha ta’lim qamrovining qariyb uch barobar, oliy ta’lim qamrovining besh barobar o‘sishini aytishga oson. Lekin bu natijalar ortida Prezidentimizning tashabbusi va siyosiy irodasi bilan yangidan yangi muassasalar tashkil etish, mavjud infratuzilmani yangilash, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdek ulkan va tizimli ishlar mujassam.

Shubhasiz, bugun Uchinchi Renessans poydevori uchun muhim zamin yaratildi. Ammo taraqqiyot bir joyda to‘xtab qolmaydi. Raqobat tobora kuchayib, sun’iy intellekt va yangi texnologiyalar hayotimizga jadal kirib kelayotgan bugungi davrda erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolish, "bizga shuning o‘zi yetarli" degan qarash bilan yashashga aslo haqqimiz yo‘q. Aksincha, bugungi yutuqlarni yangi marralar uchun mustahkam poydevorga aylantirishimiz kerak. Buning uchun esa natijalarimizga xolis baho berib, hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga aniq nazar tashlash muhim.

Buni xalqaro baholash natijalari ham ko‘rsatib turibdi. "PISA 2025" tadqiqotida O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha o‘rtacha natijasi 438 ballni tashkil etib, mamlakatimiz 91 ta ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni qayd etdi. Natija 2022-yilga nisbatan o‘sgani quvonarli, ammo u hali Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlari o‘rtacha ko‘rsatkichidan past. Demak, erishilgan natija yangi marralarni egallash uchun tayanch nuqtadir.

Yagona ta’lim tizimi: qamrovdan sifat sari

Bugun ta’lim siyosati oldida turgan ustuvor vazifa – qamrovni kengaytirishdan sifatni yuksaltirishga, sifatni aniq natijadorlik bilan bog‘lashga va pirovard natijada bilimli, malakali hamda milliy taraqqiyotga yuqori qiymat qo‘sha oladigan inson kapitalini shakllantirishga o‘tishdir.

Qabul qilingan Farmonning eng muhim jihatlaridan biri ham aynan shu vazifalarni samarali hal etish uchun ta’limning turli bosqichlaridagi vakolat va mas’uliyatni yagona boshqaruv tizimi doirasida uyg‘unlashtirish, qaror qabul qilishdan tortib uning natijasigacha bo‘lgan jarayonda aniq mas’uliyatni ta’minlashdan iboratdir.

2023-yildan-maktabgacha va maktab ta’limi alohida, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar esa boshqa vazirlik vakolatida bo‘ldi. Bu tizimda bir qator vazifalar va strategik ko‘rsatkichlar bo‘yicha mas’uliyatning ikki tomonlama taqsimlanishiga olib keldi. Pedagog kadrlar oliy ta’limda tayyorlanib, asosan maktab tizimida faoliyat yuritishi ham bunga yaqqol misoldir.

Aslida esa ta’limning har bir bosqichi bir-biridan uzilgan alohida bo‘g‘inlar emas, balki yagona zanjirning uzviy halqalaridir. Buni hayotning o‘zi ham ko‘rsatib turibdi. Maktabni yiliga o‘rtacha 400 ming o‘quvchi bitirayotgani, ularning 170 ming nafaridan ortig‘i ta’limni davom ettirayotgani ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni yanada kuchaytirish zaruratini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy ta’lim bilan qamrovi 29 foizni tashkil etayotgan bir sharoitda maktab, kasbiy ta’lim va oliy ta’lim o‘rtasida yagona va izchil ta’lim yo‘lini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, o‘quvchining maktabda olgan bilimi yosh kadrning hayot yo‘lini yorituvchi chiroq bo‘lib, uning kasb tanlashi, salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilishi kerak.

Shu ma’noda, mazkur islohot ta’lim va ilm-fan sohasida yagona yondashuvni shakllantirish, vakolat va mas’uliyatni aniq belgilash hamda aniq va o‘lchanadigan natijalarga erishishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz huzurida 2026-yil 7-oktyabrda o‘tkazilgan taqdimotda ham aynan shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Yangi vazirlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda takrorlanuvchi vazifalarni qisqartirish, hududiy bo‘g‘inlar mas’uliyatini kuchaytirish, boshqaruvni raqamlashtirish va tahliliy salohiyatni oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilab berildi. Eng muhimi, ta’limning bog‘chadan oliygohgacha bo‘lgan barcha bosqichlari yagona vertikal sifatida ishlashi, har bir bosqich keyingi pog‘ona uchun mustahkam zamin yaratishi zarurligi ta’kidlandi.

Bu yondashuv vakolat va mas’uliyat chegaralarini aniqlash, strategik maqsadlar, moliyaviy resurslar hamda natijadorlik ko‘rsatkichlarini o‘zaro bog‘lash uchun zarur institutsional asosni yaratadi. Shu bilan birga, yagona boshqaruv vertikali har bir ta’lim bosqichining o‘ziga xos vazifalarini saqlagan holda, yakuniy natija uchun mas’uliyatni aniq belgilash imkonini kengaytiradi.

Islohotlarning mustahkam huquqiy  asosi – natijadorlik kafolati

Birinchi milliy dasturning mazmunini ta’lim tizimiga nisbatan qo‘yilayotgan yangi talablar bilan uyg‘un holda baholash muhim. Bilim va malaka shaxsning rivojlanishiga xizmat qilishi bilan birga, mehnat unumdorligi, innovatsion faollik va iqtisodiy raqobatbardoshlik uchun strategik resursga aylanadi. Shu bois ta’lim tizimi insonning butun hayoti davomida bilim olishi, kasb egallashi, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun uzluksiz muhit yaratishi kerak. Bunday keng qamrovli vazifalarni samarali amalga oshirish esa, avvalo, mustahkam huquqiy asosni talab etadi.

Farmonga muvofiq, ikki oy ichida qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Avvalo, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun yangi tizimga moslashtirilib, Ta’lim va ilm-fan vazirligining ta’lim sohasidagi yagona vakolatli organ sifatidagi maqomi mustahkamlanishi lozim.

Ikkinchi muhim yo‘nalish – ta’lim uzluksizligini amalda ishlaydigan tizimga aylantirishdir. Buning uchun maktabdan kasbiy ta’limga, undan oliy ta’limgacha bo‘lgan yagona ta’lim yo‘li, kasbga yo‘naltirish va ta’lim natijalarining o‘zaro tan olinishini huquqiy jihatdan mustahkamlash zarur.

Uchinchi yo‘nalish esa, "Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida"gi qonunni yangi institutsional arxitekturaga moslashtirish zarurati bilan bog‘liq. Ilm-fan sohasidagi vakolatlar, tadqiqotlarni barqaror moliyalashtirish va bazaviy hamda loyihaviy qo‘llab-quvvatlashning huquqiy kafolatlarini aniq belgilash muhim. Bu masala ayniqsa muhim. Chunki hozir ilm-fanga xarajatlarning YAIMdagi ulushi 0,16 foizni tashkil etadi, 2030-yil uchun esa 1 foizlik maqsad belgilangan.

To‘rtinchi yo‘nalish ta’lim sifatini baholash va akkreditatsiya mustaqilligining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishdir. Ta’limni tashkil etuvchi organ bilan uning sifatini baholovchi tuzilma vakolatlarini aniq ajratish, baholashning xolisligi va shaffofligini ta’minlash zarur.

Beshinchi yo‘nalish oliy ta’lim muassasalarining akademik erkinligi va o‘zini o‘zi boshqarish huquqini kuchaytirishga qaratilgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 51-moddasi oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqot va o‘qitish erkinligini kafolatlaydi. Shu bois yagona vazirlik sharoitida ham universitetlarning qonun bilan belgilangan mustaqillik doirasi ishonchli himoya qilinishi lozim.

Oltinchi yo‘nalish sohaviy qonunlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish bo‘lib, "Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida"gi qonun va boshqa tarmoq hujjatlarida sobiq vazirliklar nomi, vakolati yoki institutsional maqomiga bog‘langan normalar yangi tizimga muvofiqlashtirilishi kerak. Bu huquqni qo‘llash amaliyotidagi noaniqliklarning oldini olish uchun zarur.

Yettinchi yo‘nalish "O‘zbekiston — 2030" strategiyasidagi mas’uliyat zanjirini yangilash hisoblanadi. Ilgarigi ikki vazirlik 50 dan ortiq samaradorlik ko‘rsatkichi bo‘yicha mas’ul yoki hamijrochi etib belgilangan. Endi har bir ko‘rsatkich bo‘yicha yagona mas’ul organni belgilash, aniq muddat va o‘lchanadigan natijani ko‘zda tutish muhim. Bu mas’uliyatni aniqlashtirish bilan birga, natijadorlikni ham oshiradi.

Ta’lim islohotlari samaradorligi kafolati

Ta’lim islohotlarining izchilligi va samaradorligini ta’minlashda parlamentning o‘rni hal qiluvchi ahamiyatga ega. Samarali va xalqchil qonunlar yangi tizimning mustahkam huquqiy poydevorini yaratsa, parlament nazorati orqali uning amalda qanday ishlayotgani va belgilangan vazifalar qay darajada bajarilayotgani baholanadi.

Bu borada parlament qonun ijodkorligi bilan ta’lim islohotlarining huquqiy poydevorini bosqichma-bosqich mustahkamlab keldi. Xususan, 2019-yilda "Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida"gi, 2020-yilda esa yangi tahrirdagi "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunlarning qabul qilinishi bu jarayonning muhim qadamlaridan bo‘ldi.

Galdagi vazifa Prezidentimiz farmonining amaliyotga samarali tatbiq etish uchun zarur huquqiy shart-sharoitlarni yaratish hisoblanadi. Buning uchun islohotlarning natijadorligini ta’minlaydigan aniq huquqiy mexanizmlarni belgilash muhim. Ya’ni, qonun normalari natijasini baholash, jamoatchilik oldida hisobdorligini ta’minlash va ijrosini nazorat qilish imkonini ham berishi lozim.

Parlament nazoratining asosiy mezoni esa qabul qilingan qarorlarning ijrosida namoyon bo‘ladi. Shu maqsadda yangi vazirlikning strategik rejalari va natijadorlik ko‘rsatkichlari ijrosini muntazam eshitish, "O‘zbekiston — 2030" strategiyasining ta’lim va ilm-fanga oid maqsadlari bo‘yicha mas’uliyat va natijalarni baholash, ilm-fanga ajratilayotgan byudjet mablag‘larining samaradorligini ko‘rib chiqish hamda ta’lim sifati ko‘rsatkichlarining xolis baholanishini ta’minlash muhim. Parlament tadqiqotlari va tahliliy imkoniyatlardan keng foydalanish esa bu nazoratni aniq dalil va raqamlarga tayangan holda olib borishga xizmat qiladi.

Shuning uchun ta’lim va ilm-fanga yo‘naltirilayotgan resurslarning haqiqiy samarasi qamrov va infratuzilma hajmi bilan cheklanmaydi. U bilim va malaka sifati, mehnat unumdorligi, innovatsion faollik va inson kapitalining o‘sishi bilan baholanishi lozim.

Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish bilan islohotning tashkiliy bosqichi yakunlanib, natijadorlikka yo‘naltirilgan yangi bosqich boshlanmoqda. Yangi tizimning samaradorligi ta’limning turli bosqichlari o‘rtasidagi uzviylik, mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash, universitetlarning akademik va boshqaruv mustaqilligi hamda ilmiy tadqiqotlarning amaliyotga tatbiq etilishi orqali namoyon bo‘ladi.

Prezidentimiz ilgari surayotgan yangi tashabbuslar g‘oyat teran va xalqchil. Ularning barchasida yagona maqsad — ta’lim va ilm-fanni aniq natijaga yo‘naltirish va bu natijani, eng avvalo, insonning hayoti va farovonligida namoyon etish g‘oyasi mujassam.

Maktabda ta’lim sifatini va o‘qituvchining kasbiy mahoratini oshirish, kasbiy ta’limni mehnat bozoriga yaqinlashtirish, dual ta’limni kengaytirish, oliy ta’limga ko‘proq mustaqillik berish, universitetlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ilm-fanda esa universitet, laboratoriya va korxonalarni birlashtirish – bugungi shiddatli davr talabi shundan iborat.

Vaqtlar o‘tadi, yillar o‘tadi. Bugun boshlangan islohotlar ertaga o‘z mevasini beradi. Ularning eng katta samarasi esa bilimli, vatanparvar, zamonaviy kasb va ko‘nikmalarga ega, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan avlod timsolida namoyon bo‘ladi. Zero, millatimizning eng katta boyligi – uning zamonaviy bilimga ega, mustaqil fikrlaydigan va kreativ yoshlaridir. Bugun ta’limga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik – kelajakda jamiyatimiz tafakkuri, mamlakatning ertangi kuni va xalqimizning farovonligining mustahkam poydevoridir.

 

Valisher  DAVLYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti

direktor o‘rinbosari