Joriy yilning 1-oktyabr kuni Jogorku Kenesh “Ichki audit to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Qonun loyihasining vazifasi ichki audit tizimini tashkil etish va uning faoliyat ko‘rsatish tartibini belgilash hamda ichki auditni o‘tkazish bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarni huquqiy tartibga solishdan iborat.
Ichki audit – tashkilot ichidagi mustaqil va xolis funksiya bo‘lib, u rahbarga tashkilot faoliyatini takomillashtirish, xatarlarni boshqarish, ichki nazorat tizimi samaradorligini baholash, kafolatlash va maslahatlar berishga qaratilgan.
Loyihada:
ichki auditning maqsad va prinsiplari;
ichki audit sohasidagi rahbarlarning vakolatlari;
ichki audit bo‘yicha hisobdorlik;
ichki audit xizmati va uning rahbarining huquq va majburiyatlari, ularning Hisob palatasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro munosabatlari;
vakolatli organning vakolatlari belgilangan.
Shuningdek, qonun loyihasida ichki audit tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishi maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ichki audit va ichki nazorat kengashi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Kengashning funksiyalari, vakolatlari va faoliyatini ta’minlashning boshqa masalalari hukumat qarori bilan belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, elektron audit tushunchasi kiritilmoqda, avtomatlashtirilgan audit usullarini qo‘llagan holda ichki auditni o‘tkazishda ichki auditorlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Jumladan, elektron audit – onlayn rejimida avtomatlashtirilgan dasturiy ta’minot va texnologiyalarni qo‘llash orqali o‘tkaziladigan audit turi.
Ushbu qonun loyihasi parlament tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda ichki auditni tashkil etish va amalga oshirish masalalari qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksida ham ichki audit masalalarini tartibga soluvchi normalar mavjud emas.
Ichki audit byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlashning asosiy vositalaridan biri ekanligini hisobga olgan holda, ushbu sohadagi asosiy masalalarni qonun darajasida tartibga solish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.