Ortga qaytish Chop etish

ISHONCHDAN MUSHTARAK TARAQQIYOTGACHA

   

Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvlar ana shu yangi tarixiy jarayonning muhim nuqtalaridan biri sifatida namoyon boʻldi. Yetti yil avval aytilgan gʻoyaning bugungi natijasi 2017-yil sentabrda Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyoga tashqi siyosatda ustuvor ahamiyat qaratish, mintaqa mamlakatlari oʻrtasida muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surdi. Davlatimiz rahbari oʻsha nutqida mamlakatlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash, yaxshi qoʻshnichilikni rivojlantirish, chegaralar, suv resurslari, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik kabi masalalarni hamkorlik asosida hal etish zaruratiga alohida urgʻu bergan edi. 2018- yili Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvi oʻtkazildi. Bu voqea keyingi jarayon uchun institutsional poydevor vazifasini bajardi. Bugun sakkizinchi uchrashuv haqida gapirayotgan ekanmiz, oʻsha davrni eslash muhim. Chunki siyosatda gʻoyaning qiymati yangiligi bilan emas, balki vaqt oʻtgani sayin qanday natija bergani bilan belgilanadi. 2017-yili ilgari surilgan tashabbus bugun muntazam ishlaydigan mintaqaviy muloqot formatiga aylandi. Uning doirasida xavfsizlik, savdo, investitsiya, transport, energetika, suv, ekologiya, taʼlim, madaniyat va yoshlar siyosati kabi oʻnlab masalalar muhokama qilinmoqda. Siyosiy ishonchning iqtisodiy qiymati bor Har qanday mamlakat uchun tashqi siyosatning iqtisodiy natijasini baholash mumkin boʻlgan eng aniq mezonlardan biri savdo koʻrsatkichlaridir. Mamlakatimizning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 2017-2025-yillarda 3,1 barobar oshib, 8,3 milliard dollarga yetdi. 2026-yilning yanvar-avgust oylarida esa mazkur koʻrsatkich 6,14 milliard dollarni tashkil etib, bir yilda 26,2 foiz oʻsdi. Bu raqamlarda siyosiy ishonchning iqtisodiy samarasi koʻrinadi. Tadbirkor qoʻshni davlatga ishonch bilan tovar joʻnatishi uchun avvalo siyosiy barqarorlik kerak. Investor uzoq muddatli loyihaga mablagʻ kiritishi uchun qoʻshnichilik munosabatlari mustahkam boʻlishi lozim. Chegaradagi tartib-taomillarni soddalashtirish, transport qatnovlarini tiklash, biznes aloqalarini yoʻlga qoʻyish uchun esa oʻzaro ishonch zarur. 2017-yildan keyin Markaziy Osiyoda yuz bergan siyosiy oʻzgarishlarning iqtisodiy ahamiyatini aynan shu mezon bilan baholash mumkin. Keyingi vazifa shunchaki savdo hajmini oshirishdan iborat boʻlmaydi. Eksport geografiyasini kengaytirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushini koʻpaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, mintaqa bozorlarida oʻzbek brendidagi mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bizningcha, mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichi aynan shu yerdan boshlanadi. Chegaralar yaqinlashgan sari iqtisodiyotlar ham yaqinlashadi Soʻnggi yillarda chegara masalalari boʻyicha erishilgan natijalarni Markaziy Osiyo tarixidagi eng katta siyosiy yutuqlardan biri sifatida baholash mumkin. 2025-yilda Qirgʻiz Respublikasi va Tojikiston oʻrtasida davlat chegarasi toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. 31-mart kuni Oʻzbekiston, Qirgʻiz Respublikasi va Tojikiston oʻrtasida davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi toʻgʻrisida uch tomonlama shartnoma va Abadiy doʻstlik deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu qarorlar ortida yillar davomida toʻplangan muammolarni siyosiy muloqot va oʻzaro maqbul yechimlar orqali hal qilish irodasi turibdi. Bunday oʻzgarishning iqtisodiy qiymatini tasavvur qilish qiyin emas. Chegara savdo yoʻlidagi toʻsiq sifatida koʻrinishdan chiqib, iqtisodiy aloqalarni tezlashtiradigan nuqtaga aylansa, qoʻshni hududlar oʻrtasidagi savdo, xizmat koʻrsatish va investitsiya harakati jadallashadi. Bugun Qirgʻiz Respublikasi bilan savdoning bir yilda 51,2 foiz, Tojikiston bilan 45,6 foiz oʻsgani ana shu oʻzgarishlarning iqtisodiy ifodalaridan biridir. Oʻzbekistonning siyosiy irodasi mintaqaviy kun tartibini oʻzgartirmoqda Prezidentimiz 2017-yilda Markaziy Osiyoga ustuvor ahamiyat qaratishni belgilaganida bu yoʻlning barcha natijasini oldindan aniq tasavvur qilish qiyin edi. Ammo siyosiy qarorning strategik mantigʻi ochiq edi. Mintaqa tinch boʻlsa, yurtimiz tinch, qoʻshnilar bilan savdo kengaysa, milliy iqtisodiyot uchun yangi bozorlar ochiladi. Transport aloqalari yaxshilansa, mamlakatimizning geografik joylashuvi iqtisodiy ustunlikka aylanadi. Bugungi voqelik ushbu yondashuvning hayotiyligini koʻrsatmoqda. 2025-yili Toshkentda boʻlib oʻtgan yettinchi Maslahat uchrashuvida Prezidentimiz mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni 2035-yilgacha boʻlgan davr uchun kompleks dastur asosida rivojlantirish, yagona investitsiya makonini shakllantirish, elektron tijoratni kengaytirish, maʼmuriy va savdo toʻsiqlarini qisqartirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bu tashabbuslarning mantigʻi juda aniq. Mintaqa mamlakatlari oʻrtasida savdo hajmini oshirish uchun yaxshi siyosiy munosabatning oʻzi yetarli. Ularni institutsional mexanizmlar bilan mustahkamlash uchun esa umumiy qoidalar, soddalashtirilgan tartib-taomillar, investor huquqlarining kafolati, texnik talablarni uygʻunlashtirish va zamonaviy raqamli yechimlar zarur. Shu bois, Prezidentimiz tashabbuslarining eng kuchli jihatlaridan biri siyosiy gʻoyalarni amaliy iqtisodiy mexanizmlar bilan bogʻlashga intilishidir. Bu oʻrinda siyosiy iroda degan tushunchaga ham kengroq qarash zarur. U faqat qaror qabul qilish jasorati emas, balki murakkab masalalarda murosaga erishish, uzoq muddatli manfaatni qisqa muddatli hisob-kitobdan ustun qoʻyish, zarur paytda yangi qadam tashlash va boshlangan ishni izchil davom ettirish qobiliyatini ham anglatadi. Markaziy Osiyodagi soʻnggi yillar tarixi bu fikrni tasdiqlaydi. Ozarbayjon omili va mintaqaning yangi geografiyasi 2025-yil noyabrda Toshkentda oʻtkazilgan yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon toʻla huquqli ishtirokchi sifatida qabul qilindi. Bu qarorning geosiyosiy va iqtisodiy ahamiyati katta. Chunki mintaqa hamkorligi endi Kaspiy orqali Janubiy Kavkaz va Yevropa yoʻnalishi bilan yanada chuqur bogʻlanmoqda. Nazarimizda, bu oʻzgarish Markaziy Osiyo iqtisodiy xaritasini tushunishda alohida ahamiyatga ega. Avval mintaqa haqida gap ketganda koʻproq quruqlikdagi ichki aloqalar nazarda tutilardi. Bugun esa Kaspiy portlari, Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi, Ozarbayjonning transportlogistika infratuzilmasi, Yevropa bozorlari va Markaziy Osiyo ishlab chiqarish salohiyatini bir zanjirda koʻrish imkoni paydo boʻlmoqda. “Oʻrta yoʻlak” boʻyicha yuk tashish hajmining yetti yilda qariyb besh baravar oʻsib, yiliga 4,5 million tonnaga yetgani ham shu jarayonning iqtisodiy asosi mustahkamlanayotganini koʻrsatadi. 2025-yilda ushbu yoʻnalish orqali taxminan 77 ming konteyner tashilgan. 2029-yilga borib, bu koʻrsatkichni 300 ming konteynerga yetkazish maqsadi belgilangan. Yuk yetkazib berish muddatining 28-32 kundan 13- 17 kungacha qisqargani esa yoʻlakning raqobatbardoshligi oshayotganini koʻrsatadi. Ertangi kunning eng katta siyosiy masalasi Markaziy Osiyo iqtisodiy integratsiyasi haqida gapirganda suv masalasini chetlab oʻtish mumkin emas. Amudaryo va Sirdaryo havzalari mintaqadagi qishloq xoʻjaligi, energetika, ekologik barqarorlik va aholi farovonligi bilan bevosita bogʻliq. 2017-yili BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanishni mintaqaviy hamkorlikning eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida koʻtargan edi. Oʻsha nutqda suv, tinchlik va xavfsizlik oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikka urgʻu berilgan. Bugun bu masala yanada dolzarblashmoqda. 7-oktabr kuni Amudaryo va Sirdaryo havzalarida suv resurslarini boshqarish boʻyicha yuqori darajadagi uchrashuv oʻtkazilgani bejiz emas. Toshkentda ilgari surilgan 2026-2036-yillarni “Suvni tejash boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligi” deb eʼlon qilish tashabbusi ham suv masalasini uzoq muddatli strategik vazifa sifatida koʻrayotgan yondashuvni ifodalaydi. MDHdagi raislik — yangi imkoniyatlar maydoni Avazadagi jarayonning biz uchun yana bir muhim jihati 2027-yilda MDHga raislikning mamlakatimizga oʻtishidir. Bu Oʻzbekistonning 2020-yildan keyingi ikkinchi raisligi boʻladi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizning hamdoʻstlik doirasidagi tashabbuslari maxsus iqtisodiy zonalar, startaplar va innovatsiyalar, energetika hamda yoshlar hamkorligi kabi yoʻnalishlarni qamrab oldi. 2026-yil yanvar-avgust oylarida Rossiya va Markaziy Osiyoning toʻrt davlati bilan savdo hajmi 15,3 milliard dollarni, yaʼni mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasining 26,7 foizini tashkil etgan. Shuning uchun 2027-yilgi raislikni navbatdagi rasmiy vazifa sifatida koʻrish kamlik qiladi. Uni mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlariga mos tashabbuslarni kengroq xalqaro maydonga olib chiqish imkoniyati sifatida baholash kerak. Endi savol oʻzgaradi Markaziy Osiyo oldida turgan bugungi savol “Hamkorlik kerakmi?” tarzida qoʻyilmaydi. Bu masalaga javob allaqachon berilgan. Endi savol boshqacha: hamkorlik qanday tezlikda, qaysi institutlar orqali va qanday natija bilan chuqurlashadi? Aynan shu yerda Avaza muloqotlarining siyosiy ahamiyati yana bir bor namoyon boʻladi. Siyosiy kelishuvlar iqtisodiy loyihalarga aylanishi kerak. Transport yoʻlaklari real logistika zanjirlariga xizmat qilishi zarur. Savdo oʻsishi eksport tarkibida sifat oʻzgarishlariga olib kelishi lozim. Investitsiya bitimlari yangi ishlab chiqarish va texnologik kooperatsiyani taʼminlashi kerak. Suv boʻyicha kelishuvlar aniq hisobkitob va oʻzaro ishonch mexanizmlari bilan taʼminlanishi darkor. Qabul qilinayotgan hujjatlarning keyingi taqdiri shunda hal boʻladi. Har qanday mintaqaviy integratsiya jarayonining eng ogʻir bosqichi qarorni ijro etishdir. Shu bois, mamlakatimiz uchun keyingi vazifalar qatorida qabul qilingan mintaqaviy kelishuvlarning milliy qonunchilik bilan uygʻunligini taʼminlash, ularning ijrosini parlament nazoratiga olish, tadbirkorlar va investorlar uchun amaliy natijalarini belgilash mexanizmlarini yaratish muhim oʻrin tutishi mumkin. Bu, ayniqsa, 2027-yildagi MDH raisligi davrida ilgari suriladigan tashabbuslarning uzoq muddatli samaradorligi uchun zarur. Tarix yana bir karvon yoʻlini kutmoqda 2017-yilda Prezidentimiz BMT minbaridan Markaziy Osiyoda muntazam muloqot oʻrnatish tashabbusini ilgari surganida, bu fikr keyinchalik qanchalik katta mintaqaviy jarayonga aylanishini koʻpchilik toʻliq tasavvur qilmagan boʻlishi mumkin. Bugun esa sakkizinchi Maslahat uchrashuvi oʻtkazilayotgan paytda oʻsha gʻoyaning amaliy natijalari savdo koʻrsatkichlari, chegaralar ochilishi, yangi transport yoʻlaklari, investitsiya loyihalari va davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda koʻrinib turibdi. Bizningcha, bu jarayonni shunchaki diplomatik muvaffaqiyat sifatida baholash tor yondashuv boʻladi. Bu mintaqaning oʻz taqdirini oʻz qoʻliga olish jarayoni. Prezidentimiz aytganidek, Markaziy Osiyodagi yangi muhit oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va umumiy siyosiy iroda asosida shakllanmoqda. Davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda bunday oʻzgarish bir necha yil oldin juda murakkabdek koʻringan masalalarga ham yangi yechim izlash imkonini berdi. Endi ana shu ishonchni iqtisodiy boylikka, siyosiy yaqinlikni umumiy bozorlarga, transport bogʻliqligini yangi imkoniyatlarga, suv boʻyicha hamkorlikni ekologik barqarorlikka aylantirish vaqti keldi. Bizningcha, Avazadan kutilgan eng katta natija ham shu. Chunki tarix davlatlarning qancha marta bir stol atrofida yigʻilganini uzoq eslab oʻtirmaydi. Tarix xalqlar hayotida qanday oʻzgarishlar yuz berganini yodda saqlaydi.

Oybek QOʻSHBOQOV,
Parlament tadqiqotlari instituti
boʻlim boshligʻi,
iqtisodiyot fanlari boʻyicha
falsafa doktori