Bugungi murakkab va o‘zgaruvchan dunyoda tinchlikni asrash, barqaror taraqqiyotni ta’minlash va davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash xalqaro hamjamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu maqsadlarga erishish esa nafaqat siyosiy kelishuvlarni, balki jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini hisobga oladigan, inson qadri va ijtimoiy adolatga tayanadigan yondashuvni ham talab etadi.
Ayni shu nuqtayi nazardan, xotin-qizlarning diplomatiya, davlat boshqaruvi va tinchlikni mustahkamlash jarayonlaridagi ishtiroki tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, ayollarning bilim va tajribasini umumiy taraqqiyot maqsadlari yo‘lida safarbar etish nafaqat teng imkoniyatlarni ta’minlashning, balki barqaror kelajakni barpo etishning ham muhim shartidir.
2026-yil 7-oktyabrda Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik zonasida o‘tkazilgan “Tinchlikni saqlash va barqaror rivojlanishga erishishda ayollarning roli” mavzusidagi Xalqaro ayollar muloqoti ana shu masalalarni xalqaro hamjamiyat e’tiboriga yana bir bor olib chiqdi. Unda O‘zbekiston va qator davlatlar delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etib, tinchlikni mustahkamlash, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va barqaror taraqqiyotga erishish masalalarini muhokama qildi. Muloqot yakunida Yakuniy hujjatning bir ovozdan qabul qilinishi ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning dolzarbligi va umumiy maqsadlar mushtarakligini namoyon etdi.
Mazkur tadbirning ahamiyati diplomatik muloqot doirasidan ancha keng. Uning asosiy mazmuni xotin-qizlarni tinchlik va taraqqiyotga oid qarorlarni ishlab chiqish, qabul qilish va amalga oshirish jarayonlarida teng huquqli ishtirokchilar sifatida e’tirof etishda namoyon bo‘ladi. Zero, tinchlikni ta’minlashga qaratilgan qarorlar bilan ularning hayotdagi amaliy natijalari o‘rtasida uzviy bog‘liqlik mavjud. Shu bois barqaror tinchlik va farovon taraqqiyotga erishishda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini inobatga olish, xotin-qizlarning salohiyati va tajribasidan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
BMT Xavfsizlik Kengashining 2000-yilda qabul qilingan 1325-son rezolyutsiyasi ayollarni mojarolarning oldini olish, tinchlik muzokaralari va urushdan keyingi tiklanish jarayonlariga jalb etish zarurligini xalqaro miqyosda belgilab berdi. Biroq huquqiy e’tirof bilan amaliy natija o‘rtasida hali ham sezilarli tafovut bor. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyodagi tinchlik jarayonlarida muzokarachilarning atigi 7 foizini, vositachilarning esa 14 foizini ayollar tashkil etgan. Bu raqamlar jiddiy muammodan dalolat beradi. Mojarolar oqibatlarini og‘ir his qilayotgan xotin-qizlar tinchlik kelajagini belgilaydigan muzokaralarda hali ham yetarlicha ishtirok etmayapti.
Aslida, ayollar diplomatiyasining ahamiyati muammolarga hayotiy nuqtayi nazardan yondashishida namoyon bo‘ladi. Tinchlik muzokaralari faqat siyosiy kelishuvlar yoki xavfsizlik masalalari bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ularda ta’lim va tibbiy xizmat, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, qochqinlarning o‘z uylariga qaytishi, oilalarning iqtisodiy tiklanishi kabi inson hayotiga bevosita daxldor masalalar ham hal etilishi lozim. Xotin-qizlarning bunday jarayonlardagi ishtiroki kelishuvlarning mazmunini boyitib, ularning aholi ehtiyojlariga mos bo‘lishiga xizmat qiladi. Demak, ayollar diplomatiyasi gender tengligini ta’minlash, tinchlik jarayonlarining barqarorligini mustahkamlash va qabul qilinayotgan qarorlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim omildir.
Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini ta’minlash uchun mustahkam huquqiy asoslar yaratilgan. Konstitutsiyamizning 58-moddasi xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligini belgilab, davlat zimmasiga ular uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash vazifasini yuklaydi. 2019-yil 2-sentyabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun va 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi esa ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
2024 yilgi parlament saylovi natijalariga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ularning mamlakatimiz siyosiy hayotidagi ishtiroki kengayib borayotganini ifodalaydi. Biroq vakillikning haqiqiy qiymati ayollarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki va ularning takliflari amalda qay darajada inobatga olinishi bilan belgilanadi. Shu bois xotin-qizlarning fikri qarorlarda aks etishi, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi va salohiyati jamiyat taraqqiyotiga yo‘naltirilishi uchun zarur huquqiy, institutsional va amaliy imkoniyatlarni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtayi nazardan, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning sifatli ta’lim olishini, kasbiy o‘sishini va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash ham alohida ahamiyatga ega. Chunki xavfsizligi kafolatlanmagan, huquqlarini himoya qilishda qiyinchiliklarga duch keladigan yoki iqtisodiy qaramlik sharoitida yashayotgan ayol o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olmaydi. Shu bois qonunchilikda belgilangan kafolatlarni amalda ta’minlash, ularning ijrosini xolis baholash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Ayollar diplomatiyasini rivojlantirishda mintaqaviy hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarini mushtarak tarix, madaniy yaqinlik va umumiy taraqqiyot manfaatlari birlashtiradi. Suv resurslari, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi salomatligi bilan bog‘liq muammolar esa davlat chegaralaridan qat’i nazar, barcha xalqlar hayotiga ta’sir ko‘rsatadi. Ularni hal etishda xotin-qizlarning tajribasi va tashabbuslaridan foydalanish mintaqaviy muloqotni mazmunan boyitib, o‘zaro ishonchni mustahkamlashga yordam beradi.
Avaza muloqotida O‘zbekiston tomoni ilgari surgan davlatlararo ishchi komissiya tuzish va navbatdagi muloqotni mamlakatimizda o‘tkazish tashabbuslari ham hamkorlikni izchil davom ettirishga qaratilgan. Bunday tashabbuslarning samarasi, ularning doimiy muloqot maydonlari, qo‘shma dasturlar va aniq amaliy loyihalarga aylanishi bilan belgilanadi. Xotin-qizlar uchun diplomatiya va davlat boshqaruvi bo‘yicha o‘quv dasturlari, yoshlar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkor ayollar o‘rtasida tajriba almashish kabi yo‘nalishlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin. Ayniqsa, qishloq joylarda yashayotgan xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish muhimdir. Ta’lim, zamonaviy kasblar, raqamli texnologiyalar va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarining ortishi, ularning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlaydi. Bu esa nafaqat oila farovonligi, balki farzandlar kelajagi va jamiyat barqarorligi uchun ham ishonchli poydevor yaratadi. Zero, taraqqiyotning haqiqiy samarasi jamiyatning barcha qatlamlari hayotida aks etishi bilan belgilanadi.
Xalqaro muloqotlarning qiymati, avvalo, ulardan keyin qanday o‘zgarishlar yuz berishi bilan o‘lchanadi. Shuning uchun xotin-qizlarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi mazmunli ishtirokini kengaytirish, milliy qonunchilikdagi kafolatlarni amalda ta’minlash va xalqaro tashabbuslarni aniq dasturlarga aylantirish o‘zaro bog‘liq vazifalardir. Bu borada davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlarning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, ayollar diplomatiyasining asl mohiyati xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, ularning tinchlikni mustahkamlash, nizolarni hal etish va barqaror taraqqiyotga oid qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishdagi faol ishtirokini kengaytirishda namoyon bo‘ladi. U xotin-qizlarning bilim, tajriba va tashabbuslarini tinchlik hamda taraqqiyot yo‘lida safarbar etishni, jamiyatda o‘zaro ishonchni mustahkamlashni va umumiy manfaatlarga xizmat qiladigan yechimlarni topishni ham qamrab oladi. Ayollarning ovozi eshitilgan joyda muammolarga kengroq yondashish, turli manfaatlarni uyg‘unlashtirish va uzoq muddatli qarorlar qabul qilish imkoniyati ortadi. Xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish jamiyatning butun salohiyatini ro‘yobga chiqarish, inson resurslaridan samarali foydalanish va umumiy taraqqiyotni jadallashtirishning muhim shartidir.
Zero, tinchlikni ta’minlash mojarolarni to‘xtatish bilan kifoyalanmaydi. Uning barqarorligi nizolarning ildiz sabablarini bartaraf etish, inson qadrini himoya qilish va adolatli taraqqiyot uchun zarur sharoitlarni yaratishga ham bog‘liq. Bu jarayonda ayollarning faol ishtiroki teng huquqlilik tamoyilini ro‘yobga chiqarish bilan bir qatorda, barqaror tinchlik va xavfsiz kelajakni ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi. Ayollar diplomatiyasi muloqot orqali tinchlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni kuchaytirish va inson qadrini ustuvor qo‘ygan holda barqaror taraqqiyotni ilgari surishga xizmat qiladi.
Gulbahor SAIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi