Ortga qaytish Chop etish

Ilmiy tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan takliflar muhokama qilindi

 

   Joriy yilning 8-oktyabr kuni Parlament tadqiqotlari institutida oliy ta’lim tashkilotlarida dissertatsiya tadqiqotlarini olib borayotgan izlanuvchilarning takliflari muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ilmiy izlanuvchilari ishtirok etdi.
Taqdimotda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi sohalarida amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalari va ular asosida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy takliflar bildirildi.
   Tadqiqotlarda jinoiy javobgarlik mexanizmlarini takomillashtirish, tergov organlarining institutsional asoslarini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy yondashuvlar asoslab berildi.
Muhokamalar davomida tadqiqotlar doirasida ishlab chiqilgan bir qator ilmiy takliflar istiqbolda qonun ijodkorligi jarayonida foydalanish uchun amaliy ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
   Tadbir yakunida dissertatsiya tadqiqotlari samaradorligini baholashda ularning natijalarini qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etish muhim mezonlardan biri ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, sohaga oid ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarning nazariy va amaliy ahamiyatini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.