Guvohi bo‘layotganimizdek, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Bu jarayonda O‘zbekistonning, avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va tashabbuslari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyoni tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, davlatlar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi. Keyinchalik bu g‘oya Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlari shaklida o‘zining amaliy va institutsional ifodasini topdi.
Bugun ushbu jarayon yangi bosqichga kirmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mintaqada o‘zaro hurmat, ishonch va sog‘lom pragmatizmga asoslangan moslashuvchan hamkorlik formati muhim. Bu yondashuvning natijasini bugun davlatlar o‘rtasidagi ochiq muloqot, kelishilgan qarorlar va amaliy hamkorlikda ko‘ryapmiz.
Mamlakatimiz yetakchisining bugungi tashabbuslarida esa mintaqaviy hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga alohida urg‘u berildi. Avvalo, Markaziy Osiyo va unga tutash mintaqalar o‘rtasida tarixiy, iqtisodiy va transport aloqalariga tayangan yagona hamkorlik makonini shakllantirish g‘oyasi ilgari surildi. Bu doirada savdo, transport, energetika, sanoat va yangi texnologiyalarni bir-biriga bog‘laydigan loyihalarni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, Markaziy Osiyo o‘z imkoniyatlarini alohida-alohida namoyon qilishdan umumiy iqtisodiy salohiyatni to‘liq ishga solish bosqichiga o‘tishi mumkin. Prezidentimiz bu masalalarni 2027-yilda Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyada keng muhokama qilishni taklif etdi.
Yana bir muhim tashabbus mintaqaviy muloqotning huquqiy asosini mustahkamlash bo‘lib, Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Bu yerda eng muhim jihat qabul qilingan qarorlarning ijrosini ta’minlash, ya’ni siyosiy kelishuvlar aniq natija berishi kerakligidir.
Iqtisodiy hamkorlikda Prezidentimiz ilgari surayotgan eng muhim g‘oyalardan biri “Olti iqtisodiyot — bitta mahsulot” tamoyilidir. Bu oddiy savdo munosabatlaridan yangi ishlab chiqarish kooperatsiyasiga o‘tishni anglatadi. Bir mamlakatda xomashyo, ikkinchisida butlovchi qismlar, boshqasida texnologiya va ishlab chiqarish quvvati bo‘lib, yakuniy mahsulot birgalikda yaratilishi mumkin.
Menimcha, aynan shu yondashuv mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning yangi mazmunini belgilaydi. Shu maqsadda savdo to‘siqlarini kamaytirish, qo‘shma sanoat va texnologik zanjirlarni shakllantirish, umumiy raqamli xizmatlar va investitsiya mexanizmlarini rivojlantirish muhimdir.
Bu yo‘nalishni amaliy loyihalar bilan to‘ldirish uchun Prezidentimiz 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes-forumini o‘tkazish tashabbusini ham ilgari surdi. Shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus platforma yaratish taklif etildi. Bu yirik loyihalarni g‘oya darajasidan amaliy bosqichga olib chiqish uchun muhim mexanizm bo‘lishi mumkin.
Transport sohasidagi tashabbus ham faqat yo‘l qurish bilan cheklanmaydi. Prezidentimiz mintaqani global savdoning muhim quruqlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish uchun transport loyihalarini yagona tizim sifatida muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi. Yangi transport yo‘laklari bo‘ylab ishlab chiqarish, logistika, xizmat ko‘rsatish obyektlari va sanoat zonalari tashkil etilishi kerak.
Shu maqsadda Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengashni tezroq tashkil etish va uning birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif etildi. Bu tashabbus transportga mustaqil infratuzilma sifatida emas, balki iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan muhim omil sifatida qarashni anglatadi.
Energetikada ham Prezidentimiz mintaqadagi imkoniyatlarni birlashtirishga urg‘u bermoqda. Uglevodorodlar, gidroenergetika, quyosh va shamol energetikasi salohiyatini o‘zaro to‘ldiruvchi tizim sifatida rivojlantirish taklif etilmoqda. Ayniqsa, kam uglerodli energetika bo‘yicha qo‘shma konsepsiya ishlab chiqish tashabbusi yangi quvvatlarni barpo etish, energiyani saqlash tizimlarini rivojlantirish va energetika yo‘laklarini muvofiqlashtirish uchun muhim asos bo‘lishi mumkin.
Suv va ekologiya masalalarida ham O‘zbekistonning tashabbuskor pozitsiyasi yaqqol ko‘rinadi. Prezidentimiz suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligini to‘liq amalga oshirish, raqamli monitoringni kuchaytirish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga e’tibor qaratmoqda.
Kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilishimiz ham muhim imkoniyat beradi. Prezidentimiz bu davrdan Jamg‘arma faoliyati samaradorligini oshirish, yangi ekologik loyihalarni amalga oshirish va qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilish uchun foydalanish niyatini bildirdi. Shuningdek, Afg‘oniston bilan suv masalalari bo‘yicha doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va “Markaziy Osiyo toza havosi” xalqaro konsorsiumini tashkil etish tashabbuslari ilgari surilmoqda.
Yana bir yangi yo‘nalish — muhim minerallar. Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyans tashkil etish tashabbusi bugungi texnologik taraqqiyot nuqtayi nazaridan juda muhimdir. Ularning yagona raqamli xaritasini yaratish esa mintaqa resurslarini yaxshiroq o‘rganish va xalqaro investorlarga umumiy salohiyatimizni namoyon qilish imkonini beradi.
Texnologik taraqqiyot bo‘yicha tashabbuslar ham alohida ahamiyatga ega. Prezidentimiz sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar (Big Data) texnologiyalaridan foydalanish uchun milliy ma’lumotlar markazlarini o‘zaro bog‘laydigan umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni taklif etdi. Bu raqamli mahsulotlarni rivojlantirish va sun’iy intellekt sohasida mintaqaviy yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini kengaytiradi.
Albatta, texnologiyaning o‘zi yetarli emas. Shuning uchun qo‘shma kadrlar tayyorlash dasturlari, ilmiy loyihalar va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ham ushbu tashabbusning muhim qismi hisoblanadi.
Va nihoyat, Prezidentimiz mintaqaning kelajagini inson kapitali bilan bog‘lamoqda. Markaziy Osiyoda yoshlar ko‘p va bu ulkan imkoniyatdir. Lekin bu imkoniyatdan foydalanish uchun mehnat bozoriga qanday mutaxassislar kerak bo‘lishini oldindan bilishimiz zarur.
Shu maqsadda talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini yaratish taklif etildi. Bu orqali ta’lim tizimi iqtisodiyotning real ehtiyojlariga moslashadi, kelajakdagi yirik mintaqaviy loyihalar uchun zarur kadrlarni oldindan tayyorlash imkoni paydo bo‘ladi.
Menimcha, Prezidentimiz tashabbuslarining umumiy mantig‘i juda aniq. Bu ham bo‘lsa, siyosiy ishonchni iqtisodiy taraqqiyotga aylantirishdir. Buning uchun huquqiy asos, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, suv, raqamli texnologiyalar va inson kapitali bir-biri bilan uzviy bog‘lanishi kerak.
So‘nggi yillarda biz ishonch muhitini shakllantirdik. Endi shu ishonchni aniq loyihalar va odamlar hayotida seziladigan natijalar bilan mustahkamlashimiz lozim. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kelgusi avlodlarga tinch, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan kuchli va insonga munosib yashash, mehnat qilish hamda ta’lim olish imkonini beradigan Markaziy Osiyoni qoldirish — bugungi avlodning umumiy mas’uliyatidir.
Oybek QO‘SHBOQOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori