






Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, Parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlari ishtirok etdi. Seminar qonun loyihalarini muhokama qilishning tashkiliy-uslubiy asoslarini takomillashtirish, parlament muhokamalarining mazmundorligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan yondashuvlarni muhokama qilish uchun muloqot maydoni bo‘ldi.
Seminar davomida Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bosqichlarining mazmun-mohiyati, birinchi o‘qishda qonun loyihalarini muhokama qilishning ahamiyati, ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ularni ko‘rib chiqishning o‘ziga xos jihatlari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, Senat tomonidan rad etilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish tartibi va bunday holatlarda parlament muhokamasining o‘ziga xos jihatlariga e’tibor qaratildi.
Tadbirda Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov “Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini ko‘rib chiqishning mazmuni va ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi.
Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpulatov “Parlament majlislarida qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha xorijiy tajriba” mavzusida ma’ruza qilib, qonun loyihalarini muhokama qilish amaliyotini takomillashtirishda xalqaro parlament tajribasining ahamiyatiga to‘xtaldi.
Ma’ruzalardan so‘ng savol-javoblar shaklida ochiq muloqot o‘tkazilib, qonun loyihalarini muhokama qilish samaradorligini oshirish, taqdim etiladigan ma’ruzalarning konseptual mazmuni va sifatini yaxshilash, shuningdek, parlament muhokamalarida konstruktiv yondashuvlarni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida Qonunchilik palatasi majlislarida qonun loyihalarini muhokama qilishda zamonaviy parlament standartlaridan samarali foydalanish, milliy parlament amaliyotining ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish imkoniyatlarini o‘rganish hamda deputatlarning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtirokini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Seminarda bildirilgan taklif va mulohazalar qonun loyihalarini muhokama qilish jarayonini yanada takomillashtirish, parlament muhokamalarining sifatini oshirish hamda qonun ijodkorligi jarayonida ilmiy-uslubiy yondashuvlarni keng qo‘llashga xizmat qiladi.