Ortga qaytish Chop etish

Nega qonun loyihasi uch o‘qishda ko‘rib chiqiladi?

 

Qonun loyihasi parlamentga kiritildi. Endi uni darhol qabul qilish mumkinmi?

Odatda, yo‘q. Qonun qabul qilinishiga qadar u bir necha bosqichdan o‘tadi. Shulardan eng muhimlaridan biri — qonun loyihasining o‘qishlarda ko‘rib chiqilishi.

Bir qarashda, bir hujjatni uch marta muhokama qilish ortiqcha jarayondek tuyulishi mumkin. Aslida esa har bir o‘qishning o‘z vazifasi bor: avval qonun loyihasining asosiy g‘oyasi baholanadi, keyin uning har bir qoidasi ko‘rib chiqiladi va shundan so‘ng yakuniy qaror qabul qilinadi.

Birinchi o‘qish: qonun loyihasining g‘oyasi


Birinchi o‘qishda asosiy e’tibor qonun loyihasining konsepsiyasiga qaratiladi.

Ya’ni, avvalo, qonun loyihasi nima uchun kerakligi muhokama qilinadi. U qanday muammoni hal etishga qaratilgan? Qanday o‘zgarishlarni nazarda tutmoqda? Taklif etilayotgan yondashuv asoslimi?

Bu bosqichda hali har bir moddaning alohida jihatlari emas, balki qonun loyihasining umumiy yo‘nalishi va asosiy g‘oyasi muhokama qilinadi.

Boshqacha aytganda, birinchi o‘qishdagi asosiy savol quyidagicha bo‘ladi:

“Biz taklif qilayotgan qonun nima uchun kerak va u qanday muammoni hal qiladi?”



Ikkinchi o‘qish: har bir normaga e’tibor


Agar qonun loyihasining konsepsiyasi ma’qullansa, keyingi bosqichda uning mazmuniga chuqurroq kirib boriladi.

Ikkinchi o‘qishda qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqiladi.

Undagi normalar, qoidalar va taklif etilayotgan o‘zgartishlar muhokama qilinadi.

Aynan shu bosqichda qonun loyihasining alohida normalaridagi noaniqliklar, o‘zaro zidliklar yoki amaliyotda muammo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan jihatlarga e’tibor qaratish imkoni paydo bo‘ladi.

Zarur hollarda tegishli taklif va tuzatishlar kiritiladi.

Shuning uchun, ikkinchi o‘qishni qonun loyihasining -“mayda detallarigacha tekshiriladigan” bosqichi deb tasavvur qilish mumkin.

Uchinchi o‘qish: yakuniy qaror


Qonun loyihasi konsepsiyasi ko‘rib chiqildi, moddalari tahlil qilindi, zarur o‘zgartirishlar kiritildi.

Endi — yakuniy bosqich.

Uchinchi o‘qishda qonun loyihasi yakuniy tarzda ko‘rib chiqilib, ovoz berishga qo‘yiladi.

Shu tariqa, qonun loyihasi umumiy g‘oyadan aniq normalarga, aniq normalardan esa yakuniy qarorgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi.

Nega bu jarayon muhim?


Uch o‘qishning asosiy maqsadi — qonun loyihasini shunchaki tezroq qabul qilish emas, balki uni muhokama qilish, tekshirish va takomillashtirish uchun yetarli imkoniyat yaratish.

Shu sababli, parlamentdagi har bir o‘qish qonun loyihasining keyingi taqdiri uchun muhim ahamiyatga ega.

Chunki qonun qabul qilinganidan keyin uni o‘zgartirish yoki undagi kamchiliklarni bartaraf etishdan ko‘ra, ularni hali loyiha bosqichida aniqlash va bartaraf etish imkoniyati muhim.

Demak, uch o‘qish — bu bir hujjatni uch marta takrorlash emas. Bu qonun loyihasini g‘oyadan amaliyotgacha puxta tayyorlash jarayonidir.