Ortga qaytish Chop etish

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo`yicha munosabat

 

Parlament tadqiqotlari institutining “Sud-huquq sohasida tadqiqotlar” bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Raxmanov Dmitriy Qalandarovich, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘yicha munosabat bildirdi.

   Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida intellektual mulk sohasidagi huquqiy mexanizmlarni yangilash, tadbirkorlik va innovatsion faoliyat uchun yanada aniq va qulay huquqiy sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Loyihada xizmat asarlariga doir mulkiy huquqlarni belgilash tartibini qayta ko‘rib chiqish, davlat ekspertizasi qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslarga bevosita sudga murojaat qilish imkoniyatini berish, shuningdek, patentlarni o‘z kuchida saqlash uchun bojlarni to‘lash tartibini soddalashtirish nazarda tutilmoqda.
   Fraksiya a’zolari taklif etilayotgan o‘zgarishlarning intellektual mulk huquqlarini himoya qilish, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish hamda innovatsion va tadbirkorlik faoliyati uchun barqaror huquqiy sharoit yaratish nuqtai nazaridan ahamiyatli ekanini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, muhokamalar davomida loyihaning ayrim qoidalari qo‘shimcha o‘rganish va aniqlashtirishni talab qilishi qayd etildi. Xususan, xizmat asarlariga bo‘lgan huquqlarni tartibga solishda muallif va ish beruvchi manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, shuningdek, taklif etilayotgan mexanizmlarning amaliy samaradorligini baholash muhim ahamiyatga ega.

   Qonun loyihasining umumiy maqsad va yo‘nalishlarini inobatga olgan holda, fraksiya uni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun qo‘llab-quvvatladi.