Ortga qaytish Chop etish

Talabalarning qonunchilikka oid takliflari e’tibor markazida

Joriy yilning 15-may kuni Parlament tadqiqotlari institutida Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda “Yosh qonun ijodkorlari” loyihasi doirasida faol talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlari, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi. 

Tadbirni Parlament tadqiqotlari instituti direktori o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Valisher Davlyatov ochib berdi. Yosh kadrlarning tahliliy salohiyati mamlakat taraqqiyotining asosiy drayverlaridan biri ekani ta’kidlandi.

Tadbir davomida talabalar tomonidan ishlab chiqilgan qonunchilik tashabbuslari va takliflari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Universitetning Davlat boshqaruvi ta’lim yo‘nalishi
3-kurs talabalari – Azizbek Eshmurotov, Aliakbar Djurakulov, Durdonaxon Boymatova, Zamira Rahmonaliyeva, Sardorbek Toxirjonov va Hulkar Qarshiboyevalarning loyihalari taqdim etildi.

Taqdimotda shaxsga doir ma’lumotlarni himoyasini kuchaytirish, masofaviy va gibrid asosda mehnat qiluvchi xodimlarning mehnat muhofazasini tashkil etish, maxsus toifadagi hududlarning huquqiy maqomini belgilash, ayol-qizlarning huquqlarini yanada ta’minlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Talabalarning har bir taklifi olimlar, soha ekspertlari va mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi va qizg‘in muhokama qilindi.

Tadbir yakunida Parlament tadqiqotlari instituti va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida talabalarning tahliliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, bu borada doimiy tajriba almashish bo‘yicha amaliy hamkorlikni tizimli davom ettirishga kelishib olindi. 

Qonunchilikka oid dolzarb takliflari va faolligi uchun tashabbuskor talabalarga Parlament tadqiqotlari institutining tashakkurnomalari topshirildi.