So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashayotgani, siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik, “yashil” texnologiyalar, ta’lim, professional tayyorgarlik va parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanib borayotgani aytildi. O‘z navbatida, Germaniya Yevropa Ittifoqi doirasida O‘zbekistonda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ishonchli hamkor mamlakatlardan biri ekani alohida urg‘ulandi.
Tadbirda O‘zbekiston va Germaniya parlamentlari a’zolari parlament faoliyatini raqamlashtirish, qonun ijodkorligida fuqarolar ishtirokini kengaytirish hamda parlament diplomatiyasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi 9-yilda O‘zbekiston yuksalishning yangi davrida yashamoqda. Mamlakatimiz parlamenti faoliyati yangicha ma’no-mazmun kasb etmoqda. “Xalq — qonunlarning yagona manbai va muallifi” degan tamoyil milliy parlament faoliyatining bosh mezoniga aylandi. Shaffoflik, ochiqlik va raqamlashtirish bugungi islohotlarning ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi.
Davra suhbatida raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt texnologiyalari va zamonaviy axborot platformalarini parlament faoliyatiga keng joriy qilish orqali qonunchilik jarayonining samaradorligi, ochiqligi va tezkorligini ta’minlashga oid qator ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, bu bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
Qonunchilik palatasi Kengashining yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining muhim ahamiyati ta’kidlandi. Bu parlament tahlili, huquqiy ekspertiza va qaror qabul qilish jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga hissa qo‘shishi aytildi.
Tadbirda ishtirokchilar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashinuvini davom ettirish hamda parlament diplomatiyasini mustahkamlash bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.
So‘z — ishtirokchilarga
Shuxrat YOQUBOV, Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— Bugungi globallashayotgan tezkor davrda parlamentning o‘rni va mas’uliyati tobora ortib bormoqda. Davra suhbatida germaniyalik hamkasblarimiz bilan birga qonun ijodkorligi, raqamlashtirish jarayoni, “Elektron parlament” tizimi bo‘yicha qizg‘in fikr almashdik. Qonunchilik palatasi faoliyati, onlayn translyatsiyalar, elektron hujjat aylanishi va raqamli tahlil mexanizmlari milliy parlamentimiz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqayotganini aniq raqamlar orqali ko‘rsatdik. Ayniqsa, “Mening fikrim” platformasi va jamoatchilik muhokamalari orqali aholining qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki tobora kengayib borayotgani haqidagi tahlillarimiz ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi. Aytish mumkinki, Germaniya Bundestagining raqamli parlament, kiberxavfsizlik va texnologik boshqaruv sohasidagi tajribasi biz uchun ham muhim bo‘lib, bu borada tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Albatta, bu parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yoxannes FOLKMANN, Germaniya Bundestagi deputati:
— O‘zbekistonga birinchi marotaba tashrif buyurib, parlament anjumanida qatnashayotganimdan mamnunman. Qator dolzarb masalalarda fikrlashdik. Qayd etish joiz, parlament faoliyatida raqamli yondashuv juda muhim. Raqamlashtirish orqali qaror qabul qilish jarayoni tezlashadi, shaffoflik oshadi va fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa kuchayadi. Bu zamonaviy demokratik institutning asosiy talabidir. Deputat uchun eng muhim afzallik esa ma’lumotga tezkor kirish imkoniyati. O‘zbekistonda parlament faoliyatiga zamonaviy yondashuvlar tatbiq etilayotgani, albatta, e’tiborga molik. Ochiq munozaralar, saylovchilar bilan muloqotlar keyingi faoliyat yo‘nalishlarini belgilab olishda, dolzarb qonun loyihalarini qabul qilishda muhim o‘rin tutadi.
Tadbir doirasida parlamentlararo muloqot va o‘zaro tajriba almashinuvi bo‘yicha mulohazalarimizni bildirdik. Parlamentlararo hamkorligimiz mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch hamda o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Valisher DAVLYATOV, Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktorining o‘rinbosari:
— Mazkur tadbir tajriba almashish maydoni bo‘ldi, deyish mumkin. Parlament transformatsiyasi, sun’iy intellekt kabi muhim yo‘nalishlarda muloqot qildik. Ta’kidlash kerak, bugun sun’iy intellekt texnologiyalari parlament faoliyatida qonun loyihalarini tahlil etish, huquqiy ziddiyatlarni aniqlash, korrupsiyaviy xavflarni baholash, qonunlarning ijtimoiy ta’sirini prognoz qilish, murojaatlarni intellektual saralash, ijtimoiy kayfiyat va munosabatlarni tahlil etish orqali jamoatchilik fikrini o‘rganish imkonini berayotir. Endi parlament faqat hujjatlarni emas, balki jamiyatning real ehtiyojlari, kayfiyati va muammolarini ham tahlil qilyapti. Umuman aytganda, parlamentda raqamlashuv, shaffoflik, ochiqlik kabi masalalarda o‘zaro tajriba almashinuvi ikki mamlakat parlamentariylari uchun foydali bo‘ldi.