
Qadimiy va navqiron shahar ko‘p asrlik ilmiy va madaniy nufuziga monand tarzda yana bir bor global moliyaviy hamjamiyat va mintaqaviy taraqqiyot uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi aynan shu yerda o‘tkazilishi tasodif emas. Bu yangi O‘zbekistonning so‘nggi yillarda erishgan islohotlariga, iqtisodiy ochiqligiga, xalqaro ishonchini mustahkamlagan siyosiy-iqtisodiy mavqeiga nisbatan amaliy e’tirofdir.
Yig‘ilishda 100 dan ortiq davlat delegatsiyalari, yirik xalqaro moliya institutlari rahbarlari, yetakchi kompaniyalar va banklar vakillari, 4 mingdan ziyod delegat ishtirok etgani bu forumning nufuzi, ko‘lami va ahamiyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Mamlakatimiz mazkur yig‘inga ikkinchi bor mezbonlik qilayotgani esa uning mintaqaviy va global maydondagi o‘rni naqadar ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Buning tag zamirida yangi iqtisodiy tafakkur, yangilangan davlat boshqaruvi va barqaror taraqqiyot modeli ko‘rinadi. Davlatimiz rahbarining forum ochilishida aytgan fikrlari ham aynan shu mazmunga qurilgan. Darhaqiqat, 2016-yildan buyon iqtisodiyotni erkinlashtirish, investorlar uchun jozibador muhit yaratish, global qo‘shilgan qiymat zanjirida faol ishtirok etish, hududlarda infratuzilmani tubdan yangilash va aholi turmush sharoitini yaxshilash yo‘lida qat’iy va ortga qaytmas islohotlar kechmoqda. Bu yo‘l qisqa emas, oson ham emas. Lekin natija bor. Iqtisodiyotda sifat o‘zgarishi kuzatilmoqda, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik esa chuqur va natijador qiyofa kasb etmoqda.
Muhim jihati, Samarqand forumida ko‘tarilgan mavzular tasodifiy emas. “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” degan bosh mavzuning o‘ziyoq bugungi dunyoda taraqqiyot endilikda yopiq milliy chegaralar doirasida emas, balki o‘zaro bog‘liqlik, integratsiya, energetika, transport, raqamlashtirish, investitsiya va barqarorlik to‘g‘risidagi umumiy fikrlar asosida shakllanishini anglatadi. Ya’ni davlatimiz rahbari yetakchiligida mamlakatimiz o‘zini mintaqaviy va global jarayonlarning kuzatuvchisi bo‘lmay, balki ularni shakllantiruvchi faol ishtirokchi sifatida namoyon etmoqda. Bu katta siyosiy kapital.
Prezidentimizning Samarqanddagi nutqida keltirilgan raqamlar ham quruq hisob-kitob emas, balki islohotlar samarasining lo‘nda ifodasidir. So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib kelgani, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirilgani, birgina energetika sohasida 35 milliard dollarlik sarmoya hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobar ortib, 87 milliard kilovatt-soatga yetkazilgani iqtisodiy siljishlar qanchalik keng ko‘lam kasb etganini ko‘rsatadi. Tovar va xizmatlar eksporti uch karra o‘sdi, iqtisodiyot hajmi esa 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetdi. Bu yaxlit siyosiy islohotlar tizimi, to‘g‘ri tanlangan ustuvor yo‘nalishlar va izchil davlat siyosati natijasidir.
Mazkur raqamlar ortida nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki jamiyatning ruhiy o‘zgarishi ham turganini ko‘ramiz. Chunki har bir sarmoya, har bir yangi zavod faqat aktiv yoki quvvat emas, balki odamlar hayotidagi real o‘zgarishdir. Ish o‘rinlari yaratiladi, mahalliy xizmatlar rivojlanadi, hududlar o‘rtasidagi tafovut kamayadi, aholining davlatga ishonchi mustahkamlanadi. Shu nuqtayi nazardan, iqtisodiy islohotlar mazmunini faqat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlardan emas, balki inson hayotining sifatida ham ko‘rish kerak. Islohotlarda asosiy e’tibor har bir oila va har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga qaratilgan. Kambag‘allik darajasini 35 foizdan 5,8 foizga tushirish haqidagi ma’lumot aynan shu insonparvar yo‘nalishning amaldagi ifodasidir.
Bu yerda islohotlarning yana bir muhim o‘ziga xosligi namoyon bo‘ladi. Ular faqat bozorni erkinlashtirish uchun emas, balki jamiyatning ijtimoiy muvozanatini saqlash uchun ham xizmat qilmoqda. Bir tomondan, xususiy sektorga keng yo‘l ochilmoqda. Ikkinchi tomondan, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv xo‘jaligi, ekologik barqarorlik, turar joy qurilishi kabi sohalarga katta e’tibor berilmoqda. 2020-yildan buyon O‘zbekiston suveren kredit reytinglarida o‘z o‘rnini barqaror oshirib kelayotgani, iqtisodiy erkinlik indeksida mamlakatimiz 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoriga kirgani biz erishgan natijalarning institutsional ifodasidir. Tashqi dunyo yurtimizdagi o‘zgarishlarni huquqiy-institutsional va moliyaviy baholash mezonlari orqali ham tasdiqlayapti. Bu esa mamlakatdagi islohotlarning ishonchliligi, barqarorligi va ortga qaytmasligini ko‘rsatadi.
Samarqand anjumanining muhim jihati, u O‘zbekistonning Osiyo taraqqiyot banki bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqdi. O‘tgan 30-yil davomida OTB mamlakatimiz uchun haqiqiy strategik sherikka aylangani qayd etildi. Qariyb 16 milliard dollarlik loyihalar portfeli bu hamkorlik ko‘lamini ko‘rsatib turibdi. Temir va avtomobil yo‘llari, energetika, ijtimoiy infratuzilma, suv ta’minoti va kanalizatsiya, qishloq xo‘jaligi, xususiy sektor kabi yo‘nalishlardagi loyihalar faqat texnikaviy modernizatsiya emas, balki mintaqaviy rivojlanishning yangi tirgaklaridir.
Prezidentimizning forumdagi nutqida O‘zbekistonning nafaqat o‘z taraqqiyoti, balki mintaqaviy barqarorlik va hamkorlik uchun ham tashabbuskor davlat ekani yaqqol ko‘rindi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo doirasidagi yirik infratuzilmaviy loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Bu yerda bank mablag‘larni safarbar etishda yetakchi o‘rin tutishi mumkin. Markaziy Osiyo endi faqat geografik hudud bo‘lmay, balki birbirini to‘ldiruvchi iqtisodiy makonga aylanishi kerak. Transport, energetika, savdo, suv resurslari, raqamli infratuzilma va ekologiya sohalaridagi hamkorlik shunga xizmat qiladi. Samarqandda aytilayotgan takliflar shu ma’noda mintaqaning umumiy kelajagiga qaratilgan.
Bugungi zamonaviy dunyoning asosiy kaliti raqamlashtirish va sun’iy intellekt bilan uzviy bog‘liq. Mamlakatimiz yetakchisi bu mavzuda juda aniq va kelajakni ko‘ra bilishga asoslangan takliflar bildirdi. Jahon savdo tashkiloti prognoziga ko‘ra, 2040-yilga borib, sun’iy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qo‘shimcha 40 foiz oshishi mumkin. Bunday sharoitda raqamli infratuzilmaga ega bo‘lgan, kadrlar tayyorlash tizimini vaqtida yo‘lga qo‘ygan, texnologiyani faqat iste’mol qilmasdan, uning yaratuvchisiga aylangan mamlakatlargina raqobatbardosh bo‘ladi. Yurtimizda sun’iy intellekt xabini tashkil qilish boshlangani, iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq SI loyihasi ustida ishlanayotgani, hududlarda data markazlar, superkompyuterlar va laboratoriyalar tashkil etilayotgani bejiz emas. Bu kelajak iqtisodiyotiga kirish uchun zarur bazaviy qadamlardir.
OTB shafeligida rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt ko‘lamini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklifi juda ahamiyatli. Bu yerda faqat milliy manfaatdan tashqari, balki mintaqaviy va global mas’uliyat ham mujassam. Shuning uchun O‘zbekistonning bu taklifi kambag‘allikni kamaytirish, inson kapitali va ta’lim sifatini oshirish bilan birga rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasidagi raqamli tafovutni qisqartirishga qaratilgan amaliy qadam sifatida baholanishi mumkin.
Yangi iqtisodiy paradigmada energiya strategik ustunlikdir. Samarqand anjumanida muhokama qilingan mavzular orasida “yashil” energetikaga alohida urg‘u berilishi bejiz emas. Chunki XXI asr iqtisodiyotida raqobat faqat mehnat yoki kapital bilan emas, balki toza, barqaror va arzon energiyaga kirish imkoniyati bilan ham belgilanadi. Ma’ruzada qayd etilganidek, O‘zbekiston so‘nggi yillarda 5,6 ming megavatt quvvatga ega shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirib, elektr energiyasi ishlab chiqarishda “yashil” energiya ulushini 30 foizga yetkazdi. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 54 foizga chiqarish rejasi esa mamlakatning strategik yo‘nalishi qanchalik aniq belgilab olinganini ko‘rsatadi.
Samarqand forumida ko‘tarilgan yana bir strategik yo‘nalish transport va logistika tizimlarining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish masalasidir. Bugungi global iqtisodiyotda mahsulot ishlab chiqarishdan ko‘ra, uni tez va arzon yetkazib berish muhimroq bo‘lib bormoqda. Prezidentimiz nutqida jahondagi geosiyosiy o‘zgarishlar natijasida logistika koridorlari o‘zgarib, Markaziy Osiyo davlatlari uchun yuk tashish xarajatlari 30 foizgacha oshgani qayd etildi. Bu oddiy statistika emas, balki mintaqa iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf. Chunki logistika xarajatlari yuqori bo‘lgan iqtisodiyot raqobatda yutqazadi.
Shu nuqtayi nazardan, “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi strategik ahamiyat kasb etadi. Bu loyiha faqat yangi transport yo‘li emas, balki butun mintaqa uchun yangi iqtisodiy arteriyadir. U amalga oshsa, yuk yetkazib berish muddati 10 kungacha qisqaradi, yillik tashish hajmi 15 million tonnaga yetadi. Bu esa O‘zbekistonni tranzit davlatdan logistika xabi darajasiga olib chiqishi mumkin.
Ilgari surilgan “Raqamli bojxona va logistika alyansi” tashabbusi aynan shu muammolarni hal qilishga qaratilgan. Chunki muammo faqat yo‘l qurishda emas, hujjat aylanmasi, chegaradan o‘tish, standartlarni uyg‘unlashtirish kabi “ko‘rinmas to‘siqlar” ham katta vaqt va xarajat talab qiladi. Agar bu jarayonlar raqamlashtirilsa, logistika samaradorligi bir necha barobar oshishi mumkin.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalasi Samarqand anjumanida markaziy o‘rin egalladi. Markaziy Osiyo uchun bu masala nazariy emas, balki hayotiy ahamiyatga ega. Qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, cho‘llanish iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiruvchi omillardir. “Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup ko‘chat ekilishi, Orol dengizi qurigan tubida 2 million gektar o‘rmonzor barpo etilgani bu muammolarga tizimli yondashuv borligini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” tashabbusi esa mintaqaviy darajadagi yangi ekologik platforma bo‘lishi mumkin. Bu yerda asosiy savol koordinatsiya va moliyalashtirish. Chunki ekologiya loyihalari ko‘pincha iqtisodiy qaytishi sekin bo‘lgan sohalarga kiradi. Shuning uchun OTB kabi institutlar ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Samarqand anjumanida turizm sohasiga oid takliflar ham diqqatga sazovor. So‘nggi o‘n yilda yurtimizga keluvchi xorijlik sayyohlar soni 6 barobar oshib, 12 millionga yetgani mamlakatimizning ochiqligi va jozibadorligini ko‘rsatadi. “Markaziy Osiyo turizm halqasi” tashabbusi bu sohani yanada keng qamrovli darajaga olib chiqishga qaratilgan. Bu yerda mantiq oddiy: sayyoh bir mamlakat emas, butun mintaqani ko‘rishni xohlaydi. Agar viza, transport va servis integratsiya qilinsa, butun Markaziy Osiyo yagona turistik makonga aylanishi mumkin.
Samarqanddagi muloqotlar bir narsani ochiq ko‘rsatdi: mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatda endi faqat “sherik topish” emas, balki “sheriklik arxitekturasini qurish” bosqichiga o‘tgan. Bu farq prinsipial. Chunki avvalgi modelda davlat tashqi sarmoyani jalb qilishga urinib, ko‘pincha shartlarni investor belgilagan. Yangi modelda esa aniq ustuvor yo‘nalishlar, sohaviy strategiyalar va institutsional islohotlar asosida hamkorlik shakllantirilmoqda. Samarqand forumi doirasida Koreya Respublikasi, Yaponiya va Saudiya Arabistoni bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar aynan shu yangi yondashuvning amaliy ko‘rinishidir.
Forumdagi muloqotlardan kelib chiqadigan yana bir muhim xulosa yurtimizning investitsiya siyosati diversifikatsiya qilinayotganidir. Ya’ni mamlakat bir yoki ikki davlatga bog‘lanib qolmay, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, AQSH, Xitoy, Yevropa davlatlari bilan parallel hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Milliy investitsiya jamg‘armasi tashabbusi ham aynan shu mantiqqa to‘g‘ri keladi. 13 ta yirik korxona aktivlarini o‘z ichiga olgan ushbu jamg‘armaning 30 foiz ulushini xalqaro fond bozoriga chiqarish rejasi ichki iqtisodiyotni global moliya tizimiga integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu orqali davlat aktivlari samaradorligi oshishi, korporativ boshqaruv standartlari yaxshilanishi va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi mumkin.
Samarqand anjumani O‘zbekistonning yangi iqtisodiy va siyosiy identifikatsiyasini namoyon etgan voqea bo‘ldi. Mamlakat o‘zini faqat islohot o‘tkazayotgan davlat sifatida emas, balki mintaqaviy va global taraqqiyot kun tartibini shakllantiruvchi subyekt sifatida namoyon etmoqda. Bu yo‘l oson emas. Lekin eng muhimi — yo‘l tanlangan. Endi asosiy vazifa shu yo‘ldan ortga qaytmaslik.
Akrom TOSHPO‘LATOV,
Parlament tadqiqotlari instituti direktori
№ 90 (1689), 2026 йил 6 май, чоршанба 3.44 MbYuklab olingan: 14 marta Yuklab olish Onlayn koʻrish