Ortga qaytish Chop etish

Parlament kontekstida tashqi siyosat: zamonaviy yondashuvlar va ilmiy mulohazalar muhokamasi

Parlament tadqiqotlari institutida “Parlament kontekstida tashqi siyosat” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir parlament diplomatiyasining mohiyati, qonun chiqaruvchi hokimiyatning tashqi siyosatni shakllantirish va amalga oshirishdagi o‘rni, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikning zamonaviy mexanizmlarini ilmiy jihatdan tahlil qilishga bag‘ishlandi.

Tadbirda Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpulatov, Xorvatiyaning Zagreb universiteti Xalqaro aloqalar va barqaror rivojlanish kafedrasi mudiri professor Goran Bandov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Ixtiyor Bekov hamda Institut ilmiy xodimlari ishtirok etdilar.

Muloqot chog‘ida parlamentning tashqi siyosat sohasidagi institutsional imkoniyatlari, parlamentlararo diplomatiyaning shakllanish jarayonlari, qonunchilik tashabbuslari orqali xalqaro munosabatlarga ta’sir o‘tkazishning huquqiy va amaliy jihatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, global siyosiy jarayonlar sharoitida parlament diplomatiyasining ahamiyati, milliy manfaatlarni ilgari surishda qonun chiqaruvchi organning o‘rni hamda xalqaro muloqot madaniyatini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir ishtirokchilari parlament tadqiqotlarini kuchaytirish, tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar bo‘yicha ilmiy tahlillar sifatini oshirish, shuningdek, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladilar. Bu borada ilmiy-amaliy xulosalar va takliflarni tizimli ravishda ishlab chiqish parlament faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Davra suhbati ochiq va konstruktiv muhitda o‘tdi. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar parlament kontekstida tashqi siyosatning nazariy-amaliy jihatlarini yanada chuqurroq o‘rganish, shu yo‘nalishdagi tadqiqotlar doirasini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratdi.