







Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “Amir Temur va temuriylarning siyosiy-huquqiy merosi” mavzusida ilmiy konferensiya oʻtkazildi. Tadbirda institut ilmiy xodimlari, huquqshunos olimlar, oliy taʼlim muassasalarining yetakchi va yosh tadqiqotchilari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Amir Temur tavalludining 690-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Taʼkidlanganidek, mazkur qaror milliy davlatchilik tarixini chuqur oʻrganish, ajdodlarimiz merosini keng targʻib etish hamda uni zamonaviy taraqqiyot jarayonlari bilan uygʻunlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda qayd etilganidek, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan Oʻzbekiston – 2030 strategiyasi doirasida Temuriylar davri davlatchilik anʼanalari muhim ilmiy-nazariy va amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Amir Temur va temuriylar davrida shakllangan adolat, qonun ustuvorligi, markazlashgan boshqaruv, masʼuliyatli kadrlar siyosati va maslahat asosida qaror qabul qilish tamoyillari bugungi davlat boshqaruvi amaliyoti bilan uygʻunlikda rivojlanmoqda.
Konferensiyada Temuriylar davri siyosiy-huquqiy merosining mazmun-mohiyati, uning zamonaviy davlatchilik tizimi bilan bogʻliq jihatlari, shuningdek, davlat boshqaruvida adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Ilmiy maʼruzalar doirasida temuriylar davlatchilik gʻoyalarining Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti bilan uygʻunligi, davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiy siyosat, tashqi aloqalar va ekologik muvozanat masalalariga oid mavzular qamrab olindi.
Alohida taʼkidlanganidek, Temur tuzuklarida bayon etilgan davlat boshqaruvi, adolat va intizom tamoyillari bugungi zamonaviy davlatchilik uchun muhim nazariy manba boʻlib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Temuriylar davridagi boshqaruv tizimi, iqtisodiy munosabatlar, tashqi siyosat, sud-huquq tizimi va xavfsizlik siyosati ilmiy nuqtayi nazardan tahlil etildi.
Tadbir ishtirokchilari Amir Temurning “adolat – davlatning asosi” degan gʻoyasi bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini saqlab qolayotganini taʼkidladilar. Barqaror taraqqiyot, tinchlik va jamiyat farovonligi aynan adolatli boshqaruvga tayanish orqali taʼminlanishi qayd etildi.
Konferensiya doirasida tarixiy boshqaruv tajribasida ochiqlik, masʼuliyat va jamoaviy qaror qabul qilish tamoyillari muhim oʻrin tutgani va ularning bugungi islohotlar bilan uygʻunligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Muhokamalar yakunlariga koʻra, Temuriylar davri siyosiy-huquqiy merosini chuqur oʻrganish, uning asosiy tamoyillarini davlat boshqaruvi amaliyotiga tatbiq etish, ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish vazifalari belgilab olindi.
Shuningdek, yoshlar oʻrtasida milliy davlatchilik anʼanalarini keng targʻib etish, ularni ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish va intellektual salohiyatini rivojlantirish masalalari ustuvor yoʻnalish sifatida qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilarining fikricha, Amir Temur va temuriylar merosini oʻrganish Yangi Oʻzbekistonda huquqiy demokratik davlat qurish, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, shuningdek, jamiyat taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga olib chiqishda muhim ilmiy-amaliy asos boʻlib xizmat qiladi.