
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamonaviy global tendensiyalar, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangi chaqiriqlar bilan uyg‘un holda takomillashtirildi.
Shu maqsadda qabul qilingan Prezident farmoni asosida mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor marralar belgilandi. Bundan ko‘zlangan ezgu maqsad inson kapitali, ta’lim sifati va har bir shaxsning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratishga qaratilgan.
Xususan, maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. “Uch yulduzli yondashuv” metodologiyasi asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini suv, sanitariya va gigiyena (WASH) sharoitlari bilan ta’minlash darajasini 86 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu kelajagimiz egalarining xavfsiz va sog‘lom muhitda ta’lim-tarbiya olishini ta’minlashga xizmat qiladi. Zamonaviy yondashuv asosida bog‘cha yoshidanoq bolalar uchun sharoit yaratishda kompleks choralar ko‘rilishi bolaning ilk yoshdan sog‘lom rivojlanishi, gigiyena ko‘nikmalarini shakllantirishi va ta’lim jarayoniga samarali jalb etilishi uchun muhim omil hisoblanadi.
Bugun egallangan bilim ertaga o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda, chunki zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Shu bois, ta’lim tizimi bu jarayondan ortda qolmasligi, pedagoglar doimiy ravishda yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirib borishi muhim ahamiyatga ega. Farmonda ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ishlovchi 500 ming nafar xodimning malakasini uzluksiz oshirish rejalashtirilganligi ham bejiz emas albatta. Zotan, malaka oshirishning uzluksizligi ta’lim mazmunini yangilab borishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sir emaski, inson kapitali va ma’rifiy jamiyatni shakllantirish doimiy hamkorlikni, dunyo ilm-fani yutuqlari va ilg‘or ta’lim tajribalari bilan mushtarak bo‘lishni taqozo etadi. Shu bois, Farmon bilan oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va raqobatbardosh ta’lim muhitini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Jahonning nufuzli QS, THE va ARWU reytinglarining “Top-100” taligiga kiruvchi 2 ta xorijiy universitet filialini ochish rejalashtirilmoqda. Bu tashabbus mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Natijada, oliy ta’lim tizimi jahon ta’lim makonining ajralmas qismiga aylanadi.
Umuman olganda, mazkur chora-tadbirlar inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan. Ta’lim infratuzilmasini yaxshilash, pedagoglar malakasini oshirish va xalqaro universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish mamlakatning intellektual va innovatsion salohiyatini mustahkamlaydi. Bu esa “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadi – har bir inson o‘z imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqara oladigan, bilim va taraqqiyot ustuvor bo‘lgan jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Parlament tadqiqotlari instituti tayanch doktoranti
MAXMATQULOVA SAIDA ILXOM QIZI