



Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutida tashkil etilgan mazkur davra suhbati g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligi hamda buyuk sarkarda va adib Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543-yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.
Tadbirda Navoiy va Bobur ijodida mujassam bo‘lgan adolat, mas’uliyat, davlatchilik tafakkuri, qonunga hurmat hamda jamiyatni adolat asosida boshqarish g‘oyalari bugungi kunda ham huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonlarida muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Davra suhbatida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Rustam Mirvohid ma’ruza bilan ishtirok etib, ikki buyuk mutafakkirning ibratli hayot yo‘li, serqirra ijodi va boy ma’naviy merosining bugungi avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida atroflicha fikr bildirdi.
Muhokamalar jarayonida ishtirokchilar Navoiy va Bobur merosidagi insonparvarlik, vatanparvarlik, ma’rifat va adolat g‘oyalari hozirgi zamon davlat boshqaruvi, huquqiy islohotlar hamda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish jarayonlari bilan uyg‘un ekanini alohida qayd etdilar.