Ortga qaytish Chop etish

Qozog‘iston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi loyihasi e’lon qilindi

Bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyo mintaqasida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayoni yangi bosqichga chiqmoqda.

Bu borada qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar ham alohida o‘rin tutmoqda. Xususan, 2026-yilning boshida Qozog‘iston Respublikasining yangi Konstitutsiya loyihasi keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Mazkur loyihaning eng e’tiborli jihati shundaki, u ko‘plab yo‘nalishlarda O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi bilan hamohanglik kasb etmoqda, bu esa o‘z navbatida mintaqaviy huquqiy integratsiya uchun yanada qulay zamin yaratadi desak xato bo‘lmaydi.

Sababi, Konstitutsiya ustuvorligi va uning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi tamoyili har ikki hujjatda deyarli bir xil ifodalangan. Davlat suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy respublika deb e’lon qilingan. Shuningdek, xalq davlat hokimiyatining yagona manbai ekanligi ta’kidlanadi. 

Shu bilan birga, har ikkala hujjatda inson huquq va erkinliklari davlatning oliy qadriyati sifatida alohida qayd etilgan. Aybsizlik prezumpsiyasi, qiynoqlar va shafqatsiz muomalani taqiqlash, qonun oldida tenglik va ekologik huquqlar ham hamohang. 

Zamonaviy davrda inson huquqlari nafaqat jismoniy, balki raqamli makonda ham himoyalanishi shart. Loyihada raqamli voqelik ham konstitutsiyaviy kafolatlarning bir qismi sifatida belgilangan. Bu shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi, internetdan foydalanish erkinligi kabi yangi avlod huquqlarining konstitutsiyaviy darajada tan olinishini anglatadi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston Konstitutsiyasi loyihasi hokimiyat tuzilmasida bir palatali Qurultoyni oliy qonun chiqaruvchi organ sifatida hamda Qozog‘iston Xalq Kengashini qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan maslahat organi sifatida joriy etishni ko‘zda tutmoqda. Fikrimizcha, bu hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish borasidagi qiziqarli tajriba bo‘lib, qo‘shni davlatlar uchun ham namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

 

Xalqaro huquq va qiyosiy qonunshunoslik

sohasida tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i

Tuxliboyev Amirullo Rayimjon o‘g‘li