Ortga qaytish Chop etish

Prezidentimiz Murojaatnomasi: “Yashil” kelajak sari muhim qadamlar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi nafaqat o‘tgan 9 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobini aks ettirdi, balki kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim siyosiy-huquqiy dastur sifatida yana bir bor o‘z ahamiyatini namoyon etdi. Murojaatnomada Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti sari islohotlarning olti muhim yo‘nalishda davom ettirilishi belgilandi.

Xususan, ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish mamlakatimizning “yashil” kelajagi sari eng muhim qadamlar desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi 5 yilda 6 ming megavattli quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari ishga tushirildi, umumiy generatsiyada “yashil” energiyaning ulushi 30 foizga yetdi. Yaqinda jami 3,5 ming megavattli 4,2 milliard dollarlik yangi “yashil” quvvatlar qurilishi boshlangani va birgina 2026-yilda ekologiya sohasiga 1,9 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilayotgani “yashil” islohotlar hali jadal davom ettirilishini isbotlaydi.

Bilamizki, suv hozirgi kundagi eng muhim tabiiy resurslardan biriga aylanmoqda va suv tanqisligi muammosi dolzarb masala bo‘lib bormoqda. Murojaatnomada ham suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qo‘llash, suv inshootlarini modernizatsiya qilish, sug‘orish tadbirlari bo‘yicha kelgusi uch yil uchun qiymati 5,5 milliard dollarlik katta dastur qabul qilingani alohida ta’kidlandi. Bu yondashuv suvdek aziz ne’matdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini namoyon etadi.

Bundan tashqari, Murojaatnomada korxonalarga filtr, tozalash inshootlarini o‘rnatish, elektromobillarni ommalashtirish, shahar va tumanlarni yashillashtirish, ekologik ta’limni kengaytirish kabi boshqa bir qator muhim “yashil” tashabbuslar ilgari surildi. Bu kabi islohotlar nafaqat yurtimizning taraqqiyotiga, balki har bir o‘zbekistonlikning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonning global va mintaqaviy ekologik siyosatning muhim muloqot maydoniga aylanib ulgurganini ham alohida ta’kidlash joiz. Kelgusi yili Samarqandda Global ekologik jamg‘armaning navbatdagi assambleyasi va Markaziy Osiyo xalqaro ekoko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani buning isbotidir.

Umuman olganda, Prezident Murojaatnomasi Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyot yo‘liga qat’iy kirib borayotganini, ekologik barqarorlik va resurslardan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini yaqqol ko‘rsatdi.


Salimboy G‘AYRATOV,


Parlament tadqiqotlari instituti xodimi