






Joriy yilning 16-dekabr kuni Oliy Majlis Senatida “Markaziy Osiyo va Koreya mamlakatlari parlamentlarining ilmiy-tahliliy ta’minoti: tajriba va istiqbolli tendensiyalar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston, Koreya, Qozog‘iston va Tojikistonparlamentlarining ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, olimlar, ekspertlar, tahlilchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo yagona, ochiq va ishonchli mintaqa sifatida dadil rivojlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz rahbarlarining faol hamkorligi, o‘zaro ishonchi va kelajakka umumiy qarashlari mintaqaning xalqaro nufuzini va uning global jarayonlardagi rolini mustahkamladi.
Shu nuqtayi nazardan, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formati asosida parlamentlararo hamkorlik tobora taraqqiy etib bormoqda.
Tadbir davomida parlamentlar faoliyatini ilmiy, axborot tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Qonun ijodkorligi jarayoniga ilmiy yondashuv asoslari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar hamda milliy parlamentimiz faoliyatidagi yangiliklar xususida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, xorijiy ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari tomonidan mamlakatimizda va parlament hayotidagi o‘zgarishlarga yuqori baho berildi.
Tadbirda parlamentlar faoliyatiga oid istiqbolli tendensiyalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, sun’iy intellekt, raqamlashtirish va katta ma’lumotlar (Big Data) dan qonunchilikni tahliliy qo‘llab-quvvatlashda foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.
Ushbu formatdagi uchrashuvlar parlamentlari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, mintaqada demokratik islohotlarning ilmiy asoslanganligini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida uning natijalari mintaqada parlamentlarimizning ilmiy-tahliliy ta’minotini yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.