Ortga qaytish Chop etish

O‘zbekiston Madhiyasi xalq birdamligi va davlat suverenitetining huquqiy ramzi

10-dekabr – O‘zbekiston tarixida alohida o‘rin tutuvchi sana. 1992-yil mazkur sanada O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi qabul qilingan. Mustaqil davlatimiz ma’naviy timsollari – gerb va bayroq bilan bir qatorda xalqning birdamligi va yurt suverenitetini ifodalovchi bosh ramzlardan biri shakllangan kun sifatida milliy tarixga kirgan.

Davlat Madhiyasi faqat musiqiy asar emas; u davlat suverenitetining huquqiy belgisi, fuqarolarning birligi va ma’naviy totuvligini ifodalovchi huquqiy ramzdir. Uni hurmat qilish davlatchilik madaniyatining bir qismi, Konstitutsiyaga sadoqatning namoyonidir. O‘zbekiston Madhiyasi ham shunga mos ravishda xalqning tarixiy tajribasi, erkinlik uchun intilishi va kelajakka ishonchini o‘zida mujassam etgan benazir asardir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasiga muvofiq, Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi va Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlaridir. Ushbu moddada davlat ramzlarining maqomi, ularni hurmat qilish va qo‘llash tartibini qonun bilan belgilash zarurligi qayd etilgan. Unga muvofiq, Davlat Madhiyasi davlat suverenitetining timsoli va uning almashtirilmas huquqiy belgisi hisoblanadi. Madhiyani hurmat qilish har bir fuqaroning konstitutsiyaviy burchidir. Davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarda madhiya ijro etilishi belgilangan tartibga rioya etgan holda amalga oshirilishi shart.

Madhiya yangi O‘zbekistonning ma’naviy poydevoridir. Bugungi kunda Madhiyamiz xalqimizni yurt ravnaqi yo‘lida birlashtiruvchi omil, davlat mustaqilligining timsoli, yosh avlod qalbida milliy iftixor uyg‘otuvchi ma’naviy maktab, xalqaro maydonda O‘zbekistonning sha’nini ifodalovchi diplomatik ramz sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Laziza NIYOZOVA,

Sud-huquq sohasida tadqiqotlar bo‘limi

bosh ilmiy xodimi