Ortga qaytish Chop etish

Birlashtiruvchi an’ana: madhiyaga nazar

Davlat ramzlari mustaqil davlatchilikning muhim elementlari hisoblanadi. Siyosatshunoslik va sotsiologiyada ular jamiyatning umumiy manfaatlari, siyosiy birdamlik va davlatga mansublik hissini shakllantirishda ishtirok etuvchi ramziy vositalar sifatida qaraladi.

Bu mavzuda eng ko‘p qo‘llaniladigan nazariyalardan biri Benedikt Andersonning “Xayoliy hamjamiyatlar” (“Imagined Communities”) haqidagi konsepsiyasidir. Unda madhiya (bayroq va yodgorliklar bilan birgalikda) millatning “xayoliy” birdamligini yaratishda muhim ramziy vosita hisoblanishi keltirilgan. Ya’ni, madhiya bir-birini tanimaydigan odamlarni ham bir tarix, qadriyat va umumiy taqdirga ega bo‘lgan deb his qildiradi.

Madhiya kabi ramzlarning qabul qilinishi mustaqil davlatning siyosiy sub’yekt sifatida o‘zini ko‘rsatishi, suverenitet tamoyilini belgilashi va jamiyatning simvolik birdamligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Xalqaro amaliyotda davlat madhiyasi faqatgina tantanavor marosimlar bilan bog‘lanib qolmaydi. U sport musobaqalari, ta’lim muassasalari, xalqaro uchrashuvlar, parlament va rasmiy tadbirlarda ham qo‘llaniladi. Bu, avvalo, davlatning mavjudligini tasdiqlash va “ijtimoiy kelishuv”ni yanada kuchaytirish funksiyasini bajaradi. Holbuki, jamiyatdagi turli guruhlarni bir ramz atrofida birlashtirish siyosiy barqarorlikning muhim mexanizmi hisoblanadi.

Darvoqe, madhiyani faqat vatanparvarlik orqali tushuntirish yetarli bo‘lmasligi mumkin. Zero, uning funksiyasi kengroq bo‘lib, u qonun ustuvorligini ramziy tasdiqlash, ijtimoiy birdamlikni qo‘llab-quvvatlash, madaniy va tarixiy davomiylikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Shu tariqa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ham yillar davomida rasmiy ramzdan tashqari, kundalik hayotning bir qismiga aylanib ulgurdi. U vaqt o‘tishi bilan o‘z qadrini yo‘qotmasdan, balki avloddan avlodga o‘tib, har bir inson hayotida muayyan ma’no kasb etishi – ayni haqiqat.

JAVOHIR SAFAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi huzuridagi

Parlament tadqiqotlari instituti

bosh ilmiy xodimi