
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan 2004-yildan boshlab har yili 9-dekabrda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni butun dunyoda nishonlanadi.
Korrupsiya murakkab ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy hodisa bo‘lib, jamiyat taraqqiyotining muhim omillari bo‘lmish tinchlik, osoyishtalik, adolat, qonun ustuvorligi kabi ijtimoiy-huquqiy qadriyatlarni yo‘q qiladigan, milliy xavfsizlikka tahdid soladigan, mamlakat rivojiga to‘sqinlik qiladigan illat, deb qaraladi..
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev ham mazkur illatga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligiga alohida urg‘u berib, 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak”, – deya ta’kidlagan edi.
Shuning uchun Davlat rahbari nazarda tutgan “halollik vaksinasi” bilan emlash – bu muayyan sohada korrupsiyaga qarshi qaratilgan tashkiliy va huquqiy asoslarni yaratish, mavjudlarini zamon talablari asosida takomillashtirish va unga qat’iy rioya qilish mexanizmlarini joriy qilish orqali unga qarshi kompleks tarzda kurashishni anglatadi.
Shundan kelib chiqib O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning xalqaro talablarga javob beradigan huquqiy asoslari yaratilgan, maxsus “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. Tashkiliy-huquqiy asoslarga ham katta e’tibor berilgan: O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etilgan, Oliy Majlis Senatida maxsus komissiyasi faoliyat yuritadi va h.k.
Korrupsiya atamasi lotincha “corruptio” so‘zidan olingan bo‘lib, “og‘dirib olish”, “sotqinlik”, “yemirilish”, “buzilish” degan ma’nolarni anglatib, odatda mansabdor shaxsning o‘zining vakolatlaridan, unga ishonib topshirilgan huquqlaridan, shuningdek rasmiy maqomi bilan bog‘liq nufuzi, imkoniyatlari va aloqalaridan shaxsiy manfaati yo‘lida qonunchilik va axloqiy talablarga zid ravishda foydalanishidir.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasiga muvofiq korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
“Kriminologik hamda jinoiy xulq-atvorning ijtimoiy-huquqiy nuqtayi nazaridan korrupsiya – bu uyushgan jinoyatchilikning bir turidir. Mazkur jinoyatni sodir etilishi maqsadlari ostida nafaqat moddiy boylik orttirish, balki hokimiyatga intilish manfaatlari ham yotadi. Korrupsiya davlat va boshqa xizmatchilarning rasmiy xizmat vakolatlarini, ular bilan bog‘liq bo‘lgan nufuz va imkoniyatlarini shaxsiy yoki muayyan guruh, korporativ manfaatlar yo‘lida, g‘arazli maqsadlarda foydalanishi bilan tavsiflanuvchi ijtimoiy hodisa”.
Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir. Bunda faqat davlat xizmatchilari korrupsiya faoliyatining subyektlari hisoblanadi. Chunki korrupsiya munosabatlari yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan qarorlar qabul qilish yoki harakatlar sodir etish uchun hokimiyat vakolatiga faqat ular ega bo‘ladi. Davlat xizmatchilari bunday harakatlarni sodir etishiga qonunchilikning nomukammalligi, nazorat organlarining faoliyatsizligi, jamoada korrupsiyaga nisbatan xizmatdoshlarning beparvoligi, rahbarlarning prinsipsizligi turtki bo‘lishi mumkin.
Yo‘ldosh Jo‘rayev,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti
bosh ilmiy xodimi, yu.f.d.