
Bugungi kunda korrupsiya dunyo miqyosidagi eng katta tahdidlardan biri bo‘lib, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili trillionlab dollar iqtisodiy imkoniyatlarning yo‘qqa chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Transparency International tomonidan o‘tkaziladigan korrupsiyaga oid global ko‘rsatkichlarda ham yaxshi natijalarga erishgan davlatlar iqtisodiyoti barqaror, investitsiyaviy muhiti ochiq va jamiyat ishonch darajasi yuqori bo‘layotganligi qayd etilgan. Bu esa korrupsiyaga qarshi qat’iy choralar nafaqat qonun ustuvorligini, balki taraqqiyot tezligini ham belgilashini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda raqamlashtirilgan davlat xizmatlari va jamoatchilik nazorati kabi amaliyotlar joriy etildi. Masalan, elektron davlat xizmati platformalari millionlab vaqt va mablag‘ni tejab, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar uchun qulaylik yaratmoqda.
Bugun – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni. Bu sana shunchaki taqvimdagi belgi emas, balki jamiyatning kelajagi, imkoniyatlar tengligi va adolat tamoyillari uchun muhim ramzdir. Korrupsiyaga qarshi kurashish – bu nafaqat jazolash, balki profilaktika, tarbiya, ochiqlik, javobgarlik va madaniyat hamdir.
Shu bois, bugungi kunda haqqoniylikni qadrlash va uni muhofaza qilish asosiy talablardan biri hisoblanadi. Zero, adolat, shaffoflik va ishonch – taraqqiyotning eng asosiy tayanchlari.
JAVOHIR SAFAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti
bosh ilmiy xodimi