Ortga qaytish Chop etish

Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi

Joriy yilning 3-dekabr kuni Parlament tadqiqotlari institutida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari hamda Karoli Gashpar universiteti (Vengriya) professori mehmon sifatida ishtirok etdi.

Davra suhbatida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida milliy va xorijiy olimlarning ma’ruzalari, fikr-mulohazalari tinglandi.

Tadbirda Vengriya davlatining eksperti Zsolt Szabo tomonidan mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar yuqori baholandi. Konstitutsiya normalari umume’tirof etilgan xalqaro standardlarga to‘la mos ekanligiga alohida e’tirof etildi.

Qayd etilganidek, umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ham siyosiy, ham huquqiy, ham iqtisodiy, ham g‘oyaviy poydevorini yaratdi. Uning mazmunida Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari, g‘oyalari asosida “Inson qadri” tamoyili ustuvorlik kasb etdi.

Ayniqsa, Konstitutsiyaviy islohotlarda milliy parlamentimizning demokratik qiyofasi ham tubdan o‘zgardi. Uning mas’uliyati bir necha karra ortdi, faoliyat sohasi aniq belgilandi. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko‘paydi.

Ta’kidlash joiz, amalga oshirilayotgan aniq va chuqur o‘ylangan strategik islohotlar samarasi parlament hayotida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Davlatimiz rahbarining o‘tgan yilning 18-20-noyabr kunlari Oliy Majlis palatalari a’zolari bilan uchrashuvlarda belgilangan maqsad va vazifalar parlament faoliyatining asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etmoqda.

Davra suhbati yakunida, Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, huquqni qo‘llash amaliyotini konstitutsiyaviy prinsiplarga muvofiqlashtirib berish borasida muntazam tadqiqotlar olib borish zarurligi qayd etildi.