
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi nafaqat Yangi O‘zbekiston rivojlanishining konstitutsiyaviy asoslarini belgilab berdi, balki uning mazmun-mohiyati dunyodagi ilg‘or umuminsoniy normalar bilan boyitilganligi e’tirof etilmoqda.
Konstitutsiya dunyo davlatlari hozirgi zamon rivojlanishi tendensiyalariga mos ravishda mazmunan boyitgan. Shunday qoidalardan biri barqaror rivojlanish prinsipidir. Bu qoida Konstitutsiyaning 49-moddasida quyidagicha ifodalangan: “Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi”.
Shunga ko‘ra davlatning ekologiya masalalari bo‘yicha o‘z majburiyatini amalga oshirishida tub burilish belgilanib, uning bu sohadagi faoliyati barqaror rivojlanish prinsipi asosida amalga oshiriladi.
Barqaror rivojlanish prinsipi – ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etishda yangicha yondashuv bo‘lib, u uzoq yillar davomida atrof-muhit masalalari bo‘yicha xalqaro anjumanlar tomonidan shakllantirilgan va xalqaro hujjatlarda aks ettirilgan xalqaro tamoyildir. Barqaror rivojlanish prinsipi dunyo davlatlari uchun tavsiya etilgan bo‘lib, rivojlanishning tubdan yangi (oxirgi) modeli uchun asos bo‘lib hisoblanadi. O‘zbekiston davlati ham o‘z rivojlanishini xalqaro hamjamiyat tavsiya etgan insoniyatning zamonaviy rivojlanish prinsipi asosida amalga oshirishga bel bog‘lagan.
Barqaror rivojlanish – bu shunday rivojlanishki, unda iqtisodiyot, ekologiya va ijtimoiy sohalarning bir tekis, muvozanatda rivojlanishi ta’minlanadi, hozirda yashayotgan va kelajak avlodlarning munosib, xavfsiz qulay atrof-muhitda yashash huquqi kafolatlanadi.
Barqaror rivojlanish bo‘yicha birinchi hujjat 1972-yilda Stokgolmda bo‘lib o‘tgan atrof-muhit bo‘yicha xalqaro konferensiyada qabul qilingan. Hozirda bu masalada asosan tavsiyaviy tavsifga ega bo‘lgan o‘ndan ortiq xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Ularning ichida 2015-yilda xalqaro konferensiyada (Nyu-York) qabul qilingan “2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasining Kun tartibi” (qisqacha “2030 Kun tartibi”), deb ataladigan hujjat katta ahamiyatli hisoblanadi. Unda 17 ta maqsadlar belgilangan.
Barqaror rivojlanish masalasi Konstitutsiyaning 49-moddasidan tashqari 14, 49, 103 va 115-moddalarida ham u yoki bu ma’noda aks ettirilgan. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, barqaror rivojlanish maqsadlari birgina ekologiya sohasida emas, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning barcha yo‘nalishlarida asos qilib olingan. Misol tariqasida “O‘zbekiston - 2030” Strategiyasini aytish mumkin. Bu Strategiya 100 ta maqsadni qamrab olgan bo‘lib, ular xalqaro barqaror rivojlanish talablariga to‘liq mos keladi.
O‘zbekiston Respublikasida barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tegishli huquqiy va tashkiliy asoslar yaratilgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan, 2030-yilgacha davrda barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlar va vazifalar tasdiqlangan. Parlament tuzilma (qo‘mita, komissiya)larida barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha muntazam tadbirlar o‘tkazilib turiladi.
Yo‘ldosh Jo‘rayev,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti
bosh ilmiy xodimi, yu.f.d.