Ortga qaytish Chop etish

Markaziy Osiyo: Yangi davr sari birlashuv va strategik hamjihatlik yo‘lida

“Xalq so‘zi” gazetasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Maqolada mintaqamizda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar chuqur tahlil qilinib, Markaziy Osiyoning yaqin va uzoq istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha har tomonlama asoslangan strategik qarashlar bayon etildi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasi jadal sur’atlarda o‘zgarib, tarixiy ahamiyatga ega yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Avvallari ko‘proq alohida yo‘l tutishga moyil bo‘lgan davlatlar bugun o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatlar muvozanati asosida yaqindan hamkorlik qilishni tanlamoqda. Bu jarayon mintaqa rivojlanishining nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy, madaniy va ijtimoiy yo‘nalishlarida ham sifat jihatdan yangi davrni boshlab berdi.         Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlarning asosiy omili — davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va hamjihatlikka intilishidir. Yillar davomida to‘planib kelgan ayrim chegara va suv masalalarining hal qilinishi, uchrashuvlarining muntazam yo‘lga qo‘yilishi hamda o‘zaro ochiq muloqotning kuchayishi mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhitni shakllantirdi.

Bu jarayon o‘zaro ishonch darajasini kuchaytirib, hamkorlik mexanizmlari mustahkamlandi va mintaqa “devorlar emas, ko‘priklar qurish” tamoyilini tanlagan hududga aylandi. 

 Hamkorlikning chuqurlashuvi natijasida Markaziy Osiyo iqtisodiy makoni sezilarli darajada jonlandi. O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘sdi, yangi sanoat kooperatsiyalari yo‘lga qo‘yildi, transport va logistika loyihalari jadallashdi.

Alohida e’tibor talab qiladigan jihat — manfaatlar muvozanatini ta’minlashdir. Mintaqa davlatlari nafaqat bitta yo‘nalishni emas, balki umumiy barqaror o‘sishning qulay modelini yaratishga intilmoqda. Energetika, suv resurslari va transchegaraviy kommunikatsiyalar sohasida muvozanatli yechimlar izlanayotgani bunga yaqqol misoldir. Bu esa iqtisodiy barqarorlikni kuchaytirish bilan birga, mintaqani global investorlar uchun ham jozibador hududga aylantirmoqda. 

Mintaqaviy integratsiya faqat iqtisodiyot bilan chegaralanmaydi. Barqaror rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridan biri — xavfsizlik muhitini mustahkamlashdir. Globallashuv davrida paydo bo‘layotgan yangi tahdidlar davlatlarni birgalikda harakat qilishga undamoqda. Doimiy muloqot, axborot almashinuvi va qo‘shma tashabbuslar hudud xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, ekologik muammolar, suv taqchilligi, iqlim o‘zgarishi va energetika xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik Markaziy Osiyoning umumiy kun tartibidan mustahkam o‘rin olgan.

Ijtimoiy adolat masalasi ham mintaqa barqaror taraqqiyotida muhim omil sifatida qaralmoqda. Aholi, ayniqsa yoshlar salohiyati Markaziy Osiyoning asosiy demografik kuchi bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarini mustahkamlash mintaqaning kelajakdagi raqobatbardoshligini belgilaydi. 

Davlatlararo yaqinlashuv faqat siyosiy yoki iqtisodiy darajada emas, balki xalq diplomatiyasi va madaniy aloqalar orqali ham mustahkamlanmoqda. Madaniyat, ta’lim, ilm-fan, san’at va turizm yo‘nalishlaridagi almashinuv xalqlar o‘rtasidagi ishonchni oshiradi, umumiy tarixiy-madaniy ildizlarni qayta tiklaydi va mintaqaning birdamlik falsafasini mustahkamlaydi. Gumanitar aloqalarning kengayishi — barqaror integratsiyaning uzoq muddatli kafolati hisoblanadi. 

Bundan tashqari, qonunchilik bazasining uyg‘unlashtirilishi, qo‘shma tashabbuslar, xalqaro shartnomalar va strategiyalar mintaqa rivojlanishining huquqiy asosini yaratmoqda. Bu jarayon Markaziy Osiyodagi islohotlar va integratsiyaning yanada tizimli bo‘lishini ta’minlaydi. 

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa kelajagini birgalikda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lgan kam sonli hududlardan biridir. Yaqin qo‘shnichilik tamoyillari, manfaatlar muvozanati, ijtimoiy adolat, xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya va madaniy birdamlik — bularning barchasi mintaqaning yangi strategik yo‘nalishini belgilab bermoqda. Mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish taktik tanlov emas, balki Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy mas’uliyatni anglashdan kelib chiqadigan ongli strategik qarordir.

 Parlament tadqiqotlari

instituti bosh ilmiy xodimi

Niyozova Laziza