Ortga qaytish Chop etish

Barqarorlik va yangilanish sari: Dushanbe sammitida O‘zbekistonning yangi tashabbuslari

10-oktabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammiti nafaqat an’anaviy uchrashuv, balki yangi g‘oyalar va istiqbollar maydoniga aylandi.

Mazkur sammitda mamlakatimiz rahbari MDH o‘zining barqarorligi, samaradorligi va zaruriy tuzilma ekanini namoyish qilishda davom etayotganligini, MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz bo‘lgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirish muhim ekanligini ta’kidlab o‘tdi. 

Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va ko‘p tomonlama sheriklik natijadorligini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlat rahbarining takliflari nafaqat mintaqadagi siyosiy barqarorlikni mustahkamlash, balki transchegaraviy iqtisodiy tizimlarni modernizatsiya qilish, ilmiy-texnikaviy salohiyatni rivojlantirish va xavfsizlikni ta’minlashni ham o‘z ichiga oldi.

Jumladan:

diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, shuningdek, Xiva shahrida MDH Yoshlar forumini o‘tkazib, Yoshlar innovatsiya laboratoriyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi;

raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasida ko‘p tomonlama amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek, fan, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi;

barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratish hamda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha MDH mamlakatlari konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Tojikistondagi sammitda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat siyosiy maydonda, balki iqtisodiy, fan-texnika va madaniy sohalarda ham yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu g‘oya va takliflar mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yangi institutsional asosda rivojlantirish, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va ilmiy-innovatsion salohiyatni oshirishga qaratilganligi bilan ajralib turdi.

 

Parlament tadqiqotlari

instituti bosh ilmiy xodimi

Niyozova Laziza