Ortga qaytish Chop etish

Vakillik organlari faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashning Germaniya tajribasi o‘rganildi

2025-yil 15-oktabr kuni Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Germaniyada mahalliy vakillik organlari faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash”mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiya fraksiyalari vakillari, Germaniyaning Saksoniya federal o‘lkasi Lantagi a’zolari, Konrad Adenauer jamg‘armasi vakillari Parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Seminar avvalida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, Parlament tadqiqotlari institutining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Germaniyalik hamkorlar tomonidan O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan tarixiy islohotlar va ularning natijalari yuqori baholandi. 

Tadbirda O‘zbekistonda vakillik organlari faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashning ahamiyati, dolzarbligi hamda bu yo‘nalishda Germaniya tajribasining o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir davomida Germaniya Federal o‘lkalari parlamentlari deputatlari faoliyatini tashkil etish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Seminarda parlament faoliyatini raqamlashtirish, qonun ijodkorligida sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanishning imkoniyatlari haqida fikr almashildi.

Seminar yakunida tomonlar kelgusida amaliy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish borasida kelishib oldilar.

Qizg‘in bahs-munozaralar maydoniga aylangan muhokamalarda ishtirokchilar tomonidan aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.